Logo

Issiq sabab ayrim hududlarda 2 soatgacha elektr energiyasi o‘chiriladi

Anomal issiq fonida O‘zbekistonda elektr iste’moli va ishlab chiqarish hajmi yana tarixiy rekordni yangiladi. Energetika vazirligi yirik avariyalarning oldini olish uchun ayrim hududlarda 2 soatgacha elektr ta’minotiga majburiy cheklovlar joriy etilganini ma’lum qildi.

Issiq sabab ayrim hududlarda 2 soatgacha elektr energiyasi o‘chiriladi © staves.ru

O‘zbekistonda anomal issiq ta’sirida elektr energiyasi iste’moli va ishlab chiqarish bo‘yicha yangi tarixiy rekordlar qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 16-iyul kuni yagona energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291 mln kWh'ni tashkil etdi. Bu avvalgi yozgi rekorddan 18,4 mln kWh yoki 6,7 foizga yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shuningdek, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 295,4 mln kWh'ga yetib, bir kun avvalgi rekorddan 4 mln kWh yoki 1,37 foizga oshdi.

Yuklama keskin oshgan

Energetika vazirligiga ko‘ra, havo haroratining keskin ko‘tarilishi va sovutish uskunalari hamda boshqa elektr jihozlaridan ommaviy foydalanish tarmoqlar va elektr uskunalariga tushayotgan yuklamani sezilarli darajada oshirmoqda.

Shu sabab elektr tizimida yirik avariyalarning oldini olish maqsadida ayrim hududlarda elektr ta’minotiga 2 soatgacha majburiy cheklovlar joriy etilmoqda.

Xususan, Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala va Chiroqchi, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov va Zomin, Xorazm viloyatining Shovot, Gurlan va Qo‘shko‘pir, shuningdek, Toshkent viloyatining Toshkent va Zangiota tumanlaridagi jami 5,2 mingga yaqin iste’molchi vaqtincha elektr ta’minotidan uzilgan.

Vazirlik bunday cheklovlar elektr qurilmalarining ishdan chiqishi hamda uzoq davom etadigan yirik avariyalarning oldini olishga qaratilganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, aholi va tadbirkorlardan elektr energiyasidan oqilona hamda tejamkor foydalanish so‘raldi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda elektr iste’moli va ishlab chiqarish ketma-ket uchinchi kun rekord o‘rnatmoqda.

Теглар

Мавзуга оид