Logo

Jarima yozadigan inspektorlar, «svet»siz qolgan «Bunyodkor» va 6 oyda qamalgan 11 ming kishi — 7-sentabr dayjesti

Кеча 23:003 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Jarima yozadigan inspektorlar, «svet»siz qolgan «Bunyodkor» va 6 oyda qamalgan 11 ming kishi — 7-sentabr dayjesti

O‘zbekistonda olti oyda 11 703 kishi ozodlikdan mahrum qilindi

2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum qilinganlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22 foizga (2 133 nafarga) oshib, jami 11 703 nafarni tashkil etdi. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri (2 030 nafar), Farg‘ona (1 462 nafar) va Toshkent (1 452 nafar) viloyatlarida qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonga (317 nafar) to‘g‘ri keldi.

Qamoq jazosini olganlarning eng katta qismi – 5 788 nafari giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan bo‘lib, qolgan o‘rinlarda bezorilik (1 789 nafar), qasddan badanga shikast yetkazish (1 376 nafar) hamda qotillik (179 nafar) jinoyatlari qayd etilgan.

Sobiq ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov yangi lavozimga tayinlandi

2017 yildan 2025 yilning martiga qadar O‘zbekiston ichki ishlar vaziri, so‘ngra Prezident administratsiyasida kadrlar siyosati bo‘yicha turli lavozimlarda faoliyat yuritgan Po‘lat Bobojonov O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Profilaktika inspektorlariga yo‘l qoidasi uchun jarima qo‘llash vakolati berildi

4-sentabr kuni qabul qilingan prezident qaroriga asosan, profilaktika inspektorlarining vakolatlari kengaytirilib, ularga birinchi marta sodir etilgan 17 turdagi kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ogohlantirish berish hamda mahalla ko‘chalarida yo‘l harakati qoidalarining 4 turdagi buzilishi bo‘yicha jarima qo‘llash huquqi berildi.

Shuningdek, ular tuman va shahar ichki ishlar organlari rahbariyati vakolatidagi 9 turdagi ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishi va jazo belgilashi mumkin. Bundan tashqari, inspektorlarga xizmat vazifasiga kirmaydigan qo‘shimcha topshiriqlar berish qat’iyan taqiqlanadi va ularning ishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

Prezident suyultirilgan gaz ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Hozirda gaz yetkazib berishdagi uzilishlar (iste’molchilarning 22 foizi 46 kundan ortiq kutmoqda) va imtiyozli narxlar hamda real xarajatlar o‘rtasidagi tafovut tufayli tizimni yangilash zarurati yuzaga kelgan.

Shu maqsadda «Hududgazta’minot» ta’sischiligida gazni birja orqali xarid qilib, iste’molchilarga yetkazuvchi «LPG-Trade» korxonasini tashkil etish hamda umumiy subsidiyalashdan voz kechib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga xarid qilingan gazning har bir kilogrammi uchun manzilli kompensatsiya to‘lash tizimiga o‘tish rejalashtirilmoqda.

«Bunyodkor» stadioniga elektr uzatish to‘xtatildi

4-sentabr kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadioni qarzdorlik sababli elektr ta’minotidan to‘liq uzib qo‘yildi. Oqibatda ofisi mazkur arenada joylashgan O‘zbekiston Professional futbol ligasi (PFL) vaqtincha masofadan ishlash rejimiga o‘tishga majbur bo‘ldi.

Mazkur holat Superliga va Proliga uchrashuvlarining translyatsiya jarayoni va internet orqali uzatilishida sifatning pasayishiga olib kelmoqda.

Теглар

Мавзуга оид

Jarima yozadigan inspektorlar, «svet»siz qolgan «Bunyodkor» va 6 oyda qamalgan 11 ming kishi — 7-sentabr dayjesti | Vaqt.uz