Logo

Jazirama chekinmoqda: O‘zbekistonda havo harorati sezilarli darajada pasayadi

Кеча 13:252 дақиқа

21-iyuldan boshlab havo harorati kechasi +20...+25 darajagacha, kunduzi +32...+37 darajagacha, ba’zi joylarda esa +30 darajagacha tushishi kutilmoqda. Respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir va kuchli shamol ham kuzatilishi mumkin.

Jazirama chekinmoqda: O‘zbekistonda havo harorati sezilarli darajada pasayadi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zgidromet 20-24-iyul kunlari O‘zbekistonda kuzatiladigan ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.

O‘tgan hafta O‘zbekiston aholisi nihoyatda issiq ob-havo sharoitini boshdan kechirdi. Havo harorati eng yuqori ko‘rsatkichi +43...+45 daraja, janubda va cho‘l hududlarida esa +46...+49 darajagacha ko‘tarildi.

Kecha kunduz kuni respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida havo harorati pasaya boshladi. Bugun cho‘l hududlarida, ertaga esa respublikaning barcha hududlarida havo haroratining pasayishi kuzatiladi.

20-24-iyul kunlari O‘zbekiston bo‘yicha havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘lishi kutilmoqda, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 21-iyulda Qoraqalpog‘iston Respublikasida va 22-iyulda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Tog‘li hududlarda ayrim joylarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Bugun kunduzi havo harorati +40...+43 daraja bo‘ladi, janubda ba’zi joylarda +45...+47 darajagacha, shimolda +34...+39 daraja bo‘ladi.

Ertadan boshlab ish haftasining oxirigacha havo harorati kechasi +20...+25 darajagacha, kunduzi +32...+37 darajagacha, ba’zi joylarda +30 darajagacha pasayadi.

20-22-iyul kunlari respublikaning ba’zi joylarida shamol tezligi sekundiga 13-18 metrgacha kuchayadi, ayrim joylarda 20-22 metrgacha kuchayishi mumkin.

Toshkent shahrida havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Bugun kunduzgi havo harorati +41...+43 daraja, ertaga kechasi +25...+27 daraja, kunduzi +36...+38 daraja bo‘ladi, 22-24-iyul kunlari kechasi +20...+23 darajagacha, kunduzi +31...+34 darajagacha pasayadi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan sekundiga 3-8 metr tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 12-15 metrgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид