Logo

JCH-2026 oldidan Ebola muammosi: muxlislarni nima kutmoqda?

Butun dunyo futbol muxlislari tarixdagi eng yirik Jahon chempionati uchun Shimoliy Amerikaga yetib kela boshlashdi. Biroq Sharqiy Afrikada Ebola virusi tarqalayotgani mezbon mamlakatlar sog‘liqni saqlash idoralarini hushyorlikni oshirishga majbur qildi.

JCH-2026 oldidan Ebola muammosi: muxlislarni nima kutmoqda?

Virusologlar 15-may kuni Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) aniqlangan Ebolaning nodir «Bundibugio» shtammini jilovlash uchun kurashmoqda. O‘shandan beri virus kamida 488 kishiga yuqib, 86 nafar insonning umriga zomin bo‘ldi. Kasallik qo‘shni Ugandaga ham o‘tgach, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bu epidemiyani «xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat» deb e’lon qildi.

1

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) epidemiya 2014–2016 yillardagi kabi xavfli tus olishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shu bois Jahon chempionati uchun bir milliondan ortiq mehmon kutayotgan AQSH, Kanada va Meksika rasmiylari qat’iy choralarni joriy qilmoqda.

Sayohat cheklovlari va nazorat tadbirlari

Jahon chempionati mezbonlarining bayonotlariga ko‘ra, Afrikaning xavfli hududlaridan kelayotgan shaxslar uchun maxsus sayohat tartibi joriy etilgan.

  • AQSH: Oxirgi 21 kun ichida KDR, Uganda yoki Janubiy Sudanda bo‘lgan barcha xorij fuqarolarining mamlakatga kirishi taqiqlandi. Bu cheklov hatto grin-karta egalariga ham tatbiq etildi. Vashington va Atlanta aeroportlarida kasallik xavfi bo‘lgan hududlardan kelayotgan yo‘lovchilar uchun kuchaytirilgan tibbiy tekshiruvlar boshlandi.

  • Kanada: Mamlakat KDR, Uganda va Janubiy Sudan fuqarolarining o‘z hududiga kirishini 90 kunga vaqtincha taqiqladi. Kasallik hududlarida bo‘lib qaytgan Kanada fuqarolari va doimiy yashovchilar esa 21 kunlik majburiy karantindan o‘tishlari shart. Bu qoida 30-maydan kuchga kirdi.

  • Meksika: Sog‘liqni saqlash vazirligi aeroportlarda Ebola bo‘yicha qat’iy nazoratni o‘rnatdi. Aholiga KDRga sayohat qilmaslik tavsiya etildi, ushbu mamlakatdan kelganlardan esa 21 kunlik karantinga rioya qilish talab etilmoqda.

2

Kongo terma jamoasi Belgiyada izolyatsiyada qoldi

1974 yildan buyon ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) terma jamoasi Ebola epidemiyasi sababli o‘z vatanida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini bekor qildi. Jamoa buning o‘rniga tayyorgarlikni Belgiyada davom ettirmoqda.

Oq uyning Jahon chempionati bo‘yicha ishchi guruhi ijrochi direktori Endryu Juliani 23-may kuni «ESPN» telekanaliga bergan intervyusida tasdiqlashicha, Kongo delegatsiyasi Belgiyada «xavfsizlik pufagi» rejimida bo‘lishi va 21 kunlik izolyatsiyani to‘liq o‘tashi shart. Aks holda, ularning AQSHga kirishiga taqiq qo‘yilishi mumkin.

Jamoaning tayyorgarlik jarayoni Ispaniyada Chili termasiga qarshi o‘tkazilishi rejalashtirilgan o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilinganidan keyin yanada murakkablashdi.

«Men 9-iyun kuni Kongo Demokratik Respublikasi va Chili terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan o‘yinni o‘tkazishni taqiqlovchi farmonni imzoladim», — dedi Ispaniyaning La-Linea-de-la-Konsepson shahri meri Xuan Franko.

KDR bosh murabbiyi Себастиен Desabr o‘yinni hech bo‘lmaganda muxlislarsiz (yopiq eshiklar ortida) o‘tkazishni taklif qilgan bo‘lsa-da, mahalliy rasmiylar bunga ruxsat berishmadi.

«Shuni aytishim mumkinki, biz vaziyatga moslashishga o‘rganib qolganmiz. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, har qanday holatga muammosiz moslasha olamiz», — dedi Desabr.

Turnir davomida Kongo terma jamoasi Texas shtatining Xyuston shahrida baza tashkil etishni rejalashtirmoqda. Ular K guruhidagi ilk o‘yinini 17-iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi. Shundan so‘ng, 24-iyun kuni Gvadalaxara shahrida Kolumbiya bilan, 28-iyun kuni esa Atlantada O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.

Epidemiyalarni kuzatish va xavfsizlik choralari

Boston universitetining yuqumli kasalliklar markazi Jahon chempionati davomida har qanday yuqumli kasallik tarqalishini kuzatib borish uchun monitoring olib bormoqda. Markazning BEACON (Biologik xavflarni tahlil qilish va kommunikatsiya tarmog‘i) dasturi sog‘liqni saqlash idoralarini, musobaqa qatnashchilarini va jahon hamjamiyatini vaziyatdan doimiy ravishda xabardor qilib borishni maqsad qilgan.

Shuningdek, Maxsus patogenlar milliy tizimi (NSPS) turnir davomida kasalliklar tarqalgan taqdirda ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralarni mashq qilish uchun maxsus simulyatsiya mashg‘ulotlarini o‘tkazgan. Sinov ssenariysi Jahon chempionati paytida Yaqin Sharq respirator sindromi (MERS) avj olishi ehtimoliga qaratilgan edi. NSPS ma’lumotlariga ko‘ra, bunday mashg‘ulotlar o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar, muvofiqlashtirilgan harakatlar va puxta rejalashtirishning naqadar muhimligini yana bir bor isbotladi.

Muxlislar uchun «xavf juda past»

Ko‘rilayotgan barcha qat’iy chora-tadbirlarga qaramay, tibbiyot ekspertlari Shimoliy Amerikaga yo‘l olayotgan futbol muxlislari duch kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan u qadar xavotirda emas.

«Agar siz Jahon chempionatiga borayotgan oddiy tomoshabin bo‘lsangiz, Ebola yuqtirish xavfi juda past. Ebola rivojlangan mamlakatlarda hech qachon ommaviy epidemiyani keltirib chiqarmagan, u yerda kasallik faqat yakka tartibdagi juda kam sonli holatlarda qayd etilgan, xolos», — deydi London Qirollik kolleji olimi Oliver Jonson «Reuters» agentligiga.

Mutaxassis buning sababini virusning yuqish yo‘li bilan izohladi: «Virus havo orqali yuqmaydi. Buning uchun, odatda, og‘ir ahvoldagi bemor bilan bevosita aloqada bo‘lish kerak. Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarni kuzatish tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Agar biror holat aniqlansa, darhol izolyatsiya qilinadi».

Jonsonning ta’kidlashicha, muxlislar oddiy ehtiyot choralariga — qo‘l gigiyenasiga rioya qilishlari va agar o‘zlarini noxush his qilsalar, boshqalar bilan yaqin muloqotdan saqlanishlari kifoya qiladi.

Теглар

Мавзуга оид