Kartadan kartaga pul ko‘chirishda «o‘tkazma maqsadi»ni tanlash majburiy bo‘ldi: bu nega kerak?
Markaziy bank kartadan kartaga amalga oshiriladigan P2P o‘tkazmalarda yangi talabni joriy qildi. Endi foydalanuvchilar pul yuborish paytida o‘tkazma maqsadini majburiy tarzda tanlashi shart bo‘ladi.

O‘zbekistondagi barcha bank va to‘lov ilovalarida (masalan, Payme, Click va boshqalar) pul o‘tkazish jarayonida maxsus menyu paydo bo‘ladi. Foydalanuvchi mablag‘ yuborishdan oldin taklif etilgan 16 ta banddan birini, jumladan, «oilaga yordam», «qarzni qaytarish», «ijara to‘lovi» yoki «xayriya» kabi toifalarni tanlashi lozim.

Ayrim ilovalarda bu tizim ishga tushdi, qolganlarida esa tez orada joriy qilinadi.
Nima uchun bu tartib joriy etildi?
Asosiy maqsad — mamlakatdagi pul aylanmasini tartibga solish va xalqaro moliya qoidalariga moslashishdir. Bu tizim orqali qaysi o‘tkazmalar shaxsiy, qaysilari esa tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq ekanini ajratish osonlashadi.
Shuningdek, yangi mexanizm oddiy foydalanuvchilar uchun ham qo‘shimcha aniqlik yaratadi. Masalan, pul o‘tkazish maqsadi tarixda saqlanishi bahsli holatlarda dalil sifatida xizmat qilishi mumkin.
Soliq yoki jarima bo‘ladimi?
Agar o‘tkazmalar qonuniy bo‘lsa va tadbirkorlik faoliyatini yashirincha yuritishga qaratilmagan bo‘lsa, bu yangilik hech qanday soliq yoki qo‘shimcha to‘lov yuklamaydi.
Bu shunchaki texnik talab bo‘lib, o‘tkazma paytida bitta tugmani bosish orqali amalga oshiriladi. Markaziy bank bu mexanizmni iqtisodiy tahlil va xalqaro standartlarga rioya qilish maqsadida joriy etgan.
Ma’lumot uchun, 2020 yilda Soliq qo‘mitasi tomonidan mijozlarning P2P o‘tkazmalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarini olishga harakat qilingan, biroq bu amaliyot joriy etilmagan edi.
2022 yilda esa Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari kelajakda P2P ko‘rinishidagi yashirin iqtisodiyot holatlarini ham ko‘rib chiqish rejalari borligini bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz kartadan kartaga pul o‘tkazish amaliyoti dunyoda qanday tartibga solinishini tahlil qilgan edi.





