Logo

Kelishuvga qaramay AQSH Eronga qarshi harbiy hujumlar uyushtirdi

AQSH harbiylari Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi neft tankerlariga bergan zarbalariga javoban Tehronga keng ko‘lamli hujumlar uyushtirdi. AQSH Markaziy qo‘mondonligi Eronning bu harakatini xavfli va sulhni ochiqchasiga buzish deb atadi.

Kelishuvga qaramay AQSH Eronga qarshi harbiy hujumlar uyushtirdi © Al jazeera

AQSH harbiylari Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida uchta tankerni o‘qqa tutishiga javoban, Eronga qarshi yangi keng ko‘lamli hujumlar uyushtirdi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.

«AQSH Markaziy qo‘mondonligi kuchlari Eronga qarshi bir qator kuchli zarbalarni bera boshladi. Bundan sabab — Eronning tijorat kemalarini nishonga olishi va ularga hujum qilgani uchun unga og‘ir talafot va yuqori narx to‘latishdir», — deyiladi AQSH harbiylari bayonotida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bitta tanker dron tomonidan urib tushirilgan va kichik zarar ko‘rgan. Deyarli bir vaqtning o‘zida Qatarning suyultirilgan gaz tankeri Al-Rekajat jiddiy zarar ko‘rdi. Eron tomonidan urib tushirilgan uchinchi kema haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Eron davlat televideniyesi esa, o‘z navbatida, ogohlantirishlar e’tiborsiz qoldirganidan keyin suyultirilgan gaz tankeriga hujum qilinganini da’vo qildi. So‘nggi kunlarda rasmiy Tehron Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘rnatgan yagona yo‘l xavfsiz ekanini bir necha bor ta’kidladi.

Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem G‘aribobodiy ijtimoiy tarmoqlarda «AQSHning Eron neftiga qarshi sanksiyalarini qayta joriy etishi, shuningdek, keyingi zarbalar kelishuvning jiddiy buzilishi hisoblanadi. Eron o‘z milliy manfaatlari va xavfsizligini himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘radi», deb yozdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Eron o‘rtasida 60 kun davomida amal qiladigan sulh rejimini nazarda tutadigan va tomonlarga yakuniy tinchlik bitimi bo‘yicha muzokaralar olib borish imkonini beradigan kelishuv imzolangan edi. O‘shanda Tramp Eron bitim shartlariga amal qilmasa, Vashington harbiy zarbalarni qayta boshlashini aytgandi.

Теглар

Мавзуга оид

Kelishuvga qaramay AQSH Eronga qarshi harbiy hujumlar uyushtirdi | Vaqt.uz