Kiberjinoyatchilikka qarshi yangi tizim joriy etiladi

11.03.2026 | 11:332 дақиқа

O‘zbekistonda 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik strategiyasi qabul qilindi.

Kiberjinoyatchilikka qarshi yangi tizim joriy etiladi

O‘zbekistonda kiberjinoyatchilikning oldini olish va axborot tizimlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan yangi choralar belgilandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasining kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur hujjatga muvofiq, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik strategiyasi tasdiqlandi. Unda davlat axborot tizimlarini himoya qilish, kibertahdidlarni barvaqt aniqlash va raqamli xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Davlat idoralarida yangi bo‘limlar

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1-apreldan bir qator davlat idoralarida maxsus kiberxavfsizlik bo‘limlari tashkil etiladi. Jumladan, Adliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Soliq qo‘mitasida kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘limlari faoliyat boshlaydi.

Bu bo‘limlar davlat axborot tizimlari va raqamli resurslarni himoya qilish, kiberhujumlarning oldini olish hamda xavfsizlik choralarini kuchaytirish bilan shug‘ullanadi.

Kiberxavfsizlik uchun alohida mablag‘lar

Yangi tartibga ko‘ra, 2026 yil 1-apreldan davlat organlari va tashkilotlari kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun alohida mablag‘ ajratadi. Bu mablag‘lar budjet parametrlari doirasida hamda budjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan yo‘naltiriladi.

Bu orqali axborot tizimlarini modernizatsiya qilish, xavfsizlik infratuzilmasini kuchaytirish va zamonaviy kiberhimoya texnologiyalarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Mustaqil ekspertlar jalb qilinadi

Farmonda milliy axborot tizimlarining kibertahdidlarga bardoshliligini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda davlat axborot tizimlaridagi kamchiliklarni aniqlash uchun mustaqil ekspertlar ishtirokida maxsus tanlovlar o‘tkaziladi.

Ushbu tanlovlar Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ishlab chiqiladigan maxsus elektron platforma orqali amalga oshiriladi. Bu tizim orqali axborot tizimlaridagi zaif nuqtalar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Теглар

Мавзуга оид