Mahmud Ahmadinajod ham halok bo‘ldi – OAV

Mahalliy nashrlar Eronning sobiq prezidenti ham Isroil va AQSHning havo zarbalarida halok bo‘lganini yozdi. Kechagm hujumda Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiy ham vafot etgandi.

Mahmud Ahmadinajod ham halok bo‘ldi – OAV

Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod ham Isroil va AQSHning havo zarbalarida halok bo‘ldi, deya mahalliy nashr «ILNA» xabar berdi.

«Narmak tumanidagi (Tehron) uyiga qilingan zarbalardan so‘ng, Ahmadinajod va uning qo‘riqchilari halok bo‘ldi», – deb keltiriladi xabarda.

Mahmud Ahmadinajod 2005–2013 yillarda Eronning oltinchi prezidenti sifatida ikki muddat faoliyat yuritgan. 2013 yil 4-avgustda u Eron oliy rahbari tomonidan Muafiыlik kengashi a’zoligiga tayinlangan. Mahmud Ahmadinajod 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan, biroq u diskvalifikatsiya qilingan.

Yaqin Sharqda nimalar bo‘lyapti?

Kecha, 28-fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim obyektlari – prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqladi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘radi. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilindi.

Shu orada AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot berdi va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqladi. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan.

Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidladi. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidladi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi. Tehronning qarshi hujumi isroil bilan cheklanmadi. Eron AQSHning mintaqadagi harbiy bazalariga ham zarbalar yo‘lladi. BAA, Bahrayn, Qatar kabi davlatlarda ham portlashlar sodir bo‘ldi.

Oldinroq Isroil va AQSHning hujumida Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Mamlakatda motam e’lon qilindi. Armiya qasos olishga va’da berdi.

Теглар

Мавзуга оид