Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgartiradimi? — Iqtisodchilar tahlili

Бугун 08:552 дақиқа

29-aprelda Markaziy bankning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Inflatsiya pasayayotgan bo‘lsa-da, Yaqin Sharqdagi urush va energiya narxlarining ehtimoliy oshishi stavkaning pasaytirilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgartiradimi? — Iqtisodchilar tahlili © vaqt.uz

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning fikricha, Markaziy bankning bo‘lajak yig‘ilishi o‘ta murakkab tashqi va ichki sharoitlarda o‘tadi. Mart oyida umumiy inflatsiya 7,1 foizga, bazaviy inflatsiya esa 5,7 foizgacha sekinlashgan. Bu ko‘rsatkichlar asosiy stavka va inflatsiya o‘rtasida sezilarli ijobiy farqni (6,9 foizdan 8,3 foizgacha) yuzaga keltirgan. Shuningdek, aprel oyida so‘mning dollarga nisbatan 1 foizga mustahkamlangani import inflatsiyasi bosimini yumshatishga xizmat qilmoqda. Biroq, bu ijobiy omillar stavkani tushirish uchun yetarlimi?

Xolboyev stavkani o‘zgarishsiz qoldirishga undaydigan bir nechta jiddiy xatarlarni sanab o‘tdi.

Birinchidan, yalpi talab omili: O‘zbekiston iqtisodiyoti birinchi chorakda rekord darajadagi 8,7 foizga o‘sdi. Bunday tez o‘sish iqtisodiyotda inflatsiyaning talab omillari hamon kuchli ekanini anglatadi.

Ikkinchidan, tashqi shart-sharoitlar: Yaqin Sharqdagi eskalatsiya neft narxining urushdan oldingiga nisbatan 50 foizga qimmatlashiga sabab bo‘ldi. Energiya resurslarini netto-import qiluvchi O‘zbekiston uchun bu kechikib bo‘lsa ham inflatsiya bosimini keltirib chiqaradi.

 

Energiya tariflari va kutilmalar

Yana bir muhim xavotir — may oyida energiya resurslari narxining oshishi mumkinligi haqidagi xabarlardir. Garchi rasmiy ma’lumot bo‘lmasa-da, bunday gap-so‘zlarning o‘ziyoq aholining inflyatsion kutilmalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar tariflar oshsa, bu energiya intensiv tovarlar narxini ham yuqoriga itaradi. Bunday vaziyatda Markaziy bankning stavkani pasaytirishi kutilmalarni yanada yomonlashtirib yuborishi mumkin.

Global miqyosda ham yirik Markaziy banklar (FZT, Yevropa MB) va qo‘shni Qozog‘iston Markaziy banki (stavka 18 foiz) noaniqliklar tufayli stavkalarni o‘zgarishsiz qoldirdi.

Xulosa qilib aytganda, Mirkomil Xolboyev Markaziy bank mavjud risklarni hisobga olgan holda asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirishini taxmin qilmoqda. Yaqin Sharqdagi vaziyat va ichki tariflar masalasi stavkani saqlab qolish uchun yetarli asos bo‘lib xizmat qiladi.

«Agar energotariflar oshsa, asosiy stavka ko‘tarilishini istisno etmagan bo‘lardim»

Iqtisodchi Otabek Bakirovning Vaqt.uz’ga taqdim etgan izohiga ko‘ra, mavjud realliklarda asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilishi ehtimoli yuqori.

Uning fikricha, qarorga tashqi omillar — Yaqin Sharqdagi urush yaratayotgan noaniqliklar va import inflatsiyasi bosimi, ichki omillar — tartibga solinadigan narxlar, xususan, energotovarlar bo‘yicha tariflarning oshishi kutilmalari, iqtisodiy faollikning tezlashgani kabilar sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

«Agar energotariflar turli manbalarda aytilganidek, 10 foiz va undan ko‘pga oshsa, asosiy stavka bir muddat ko‘tarilishini ham istisno etmagan bo‘lardim», deydi Bakirov.

Теглар

Мавзуга оид