Markaziy bank bankomat muammolarini tezkor hal qilishga chaqirdi

Bank kartasidan pul yechilgani holda naqd pul berilmasligi yoki asossiz komissiya ushlanishi kabi holatlar yuzasidan Markaziy bank tijorat banklari va to‘lov xizmatlarini bankomatlar ishini tubdan yaxshilashga chaqirdi.

Markaziy bank bankomat muammolarini tezkor hal qilishga chaqirdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlariga bankomatlar bilan bog‘liq muammolarni tezkor hal qilish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berdi. Regulyator ta’kidlashicha, kartaning bankomatda qolib ketishi, operatsiya muvaffaqiyatsiz yakunlanganiga qaramay komissiya ushlanishi yoki hisobdan pul yechilgani holda naqd mablag‘ berilmasligi kabi holatlar fuqarolarning mulkiy manfaatlariga bevosita ta’sir qilmoqda.

Markaziy bankka ko‘ra, ayrim holatlarda mijozlarga muammo yuzasidan o‘z vaqtida axborot berilmaydi. Shuningdek, banklar va boshqa tashkilotlar mas’uliyatni bir-biriga yuklab, karta egalarini turli bo‘limlar o‘rtasida sarson qilayotgani qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, Markaziy bank banklar va to‘lov servislariga bankomatlar ishini yaxshilash bo‘yicha quyidagi ko‘rsatma va tavsiyalarni berdi:


Bankomat bilan bog‘liq muammoda harakatlar ketma-ketligini tushuntirish, komissiya haqida oldindan shaffof ma’lumot va xavfsiz foydalanish bo‘yicha tushuntirish berish;

Naqd pul berilmasligi yoki karta qolib ketishi kabi holatlarni ustuvor murojaat deb belgilash, murojaatning ID-raqami va ko‘rib chiqish muddati haqida tasdiqnoma berish;

Muammoni jurnallar, video, inkassatsiya dalolatnomasi kabilar orqali tasdiqlash imkoni bo‘lsa, mijozni bank ofisiga qayta-qayta chaqirmaslik va turli bo‘limlar o‘rtasida sarson qilmaslik;

Call-markaz, mobil ilova, sayt yoki filial orqali murojaatdan qat’i nazar, mijozga hodisa bo‘yicha bir xil sifat va mazmunga ega aniq va tushunarli ma’lumot berish;

«Murojaatni ko‘rib chiqish»dan «kafolatlangan natija» modeliga o‘tish — puldan foydalanish imkoniyati tiklangan vaqtni hisobga olish hamda tasdiqlangan xatoliklar bo‘yicha mablag‘larni mijoz murojaatisiz «proakti» tarzda qaytarish;

Ichki tartibni qayta ko‘rib chiqib, amalga oshirilmagan xizmat uchun ushlab qolingan komissiyani asosiy summa bilan birga yoki avtomatik ravishda qaytarish;

Muvaffaqiyatsiz amaliyotlarni tezkor qayta ishlash, inson omilini qisqartirish va nosozliklarga tezkor chora ko‘rish;

Bankomatlarning texnik holati, shu jumladan aloqa, elektr ta’minoti, UPS-tizimlari ishlashini ta’minlash, eskirganlarini almashtirish hamda ko‘cha yuzalaridagi yoki ko‘p shikoyat tushayotgan qurilmalarni profilaktik tekshirish.

Markaziy bank avvalroq qonunchilik talablariga to‘liq rioya etmagani va tekshiruvlar davomida aniqlangan kamchiliklar sababli 2 ta bank hamda 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llagan edi.

Теглар

Мавзуга оид