Logo

Markaziy bank kartalarni ilovaga ulash va identifikatsiya bo‘yicha talablarni o‘zgartirishni taklif qildi

Markaziy bank masofaviy moliyaviy xizmatlardan foydalanish tartibini soddalashtirishni taklif qildi. Loyiha bank ilovalarida biometrik tekshiruv, bank kartalarini ulash va P2P o‘tkazmalar bo‘yicha bir qator talablarni yengilliklarni nazarda tutadi.

Markaziy bank kartalarni ilovaga ulash va identifikatsiya bo‘yicha talablarni o‘zgartirishni taklif qildi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank moliyaviy platformalarning axborot xavfsizligiga oid nizomga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi. Loyiha E-qaror platformasida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

O‘zgartirish kiritishdan asosiy maqsad masofaviy moliyaviy xizmatlardan foydalanishda fuqarolarni identifikatsiya qilish tartibini soddalashtirish va ayrim xavfsizlik talablarini zamonaviylashtirishdan iborat.

Taklifga ko‘ra, foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishda yuzni masofadan biometrik tekshirish majburiy bo‘lib qoladi. Biroq keyingi bosqichlarda ayrim talablar yumshatiladi.

Telefon raqami qarindosh nomida bo‘lsa ham ro‘yxatdan o‘tish mumkin

Jumladan, telefon raqami Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) bilan mos kelishi shartligi bo‘yicha talab qayta ko‘rib chiqilmoqda. Endilikda telefon raqami ota-ona, farzand, turmush o‘rtog‘i yoki aka-uka, opa-singil nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa ham foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilishi mumkin. Mazkur istisno yuridik shaxslarga tegishli korporativ telefon raqamlariga tatbiq etilmaydi.

Bank kartasini ulash uchun endi yuzni skanerlash talab qilinmaydi

Bank kartalarini ilovaga ulash tartibini ham soddalashtirish rejalashtirilmoqda. Loyiha qabul qilinsa, kartani qo‘shishda yuzni skanerlash talab qilinmaydi, buning uchun faqat bir martalik tasdiqlash kodi (OTP)ni kiritish kifoya qiladi. Shuningdek, ilovaga odatiy kirishda ham biometrik tekshiruv majburiy bo‘lmaydi. U faqat parolni tiklash yoki yangi qurilmadan tizimga kirishda saqlanib qoladi.

P2P o‘tkazmalarda banklarga ko‘proq erkinlik beriladi

Yangi smartfondan akkauntga kirilganda amaldagi tartib bo‘yicha barcha bank kartalari avtomatik uziladi va tranzaksiyalar tarixi o‘chiriladi. Yangi loyiha esa bu amaliyotni bekor qilishni taklif qilmoqda. Bunda kartalar faqat vaqtincha nofaol holatga o‘tkaziladi va ularni qayta faollashtirish uchun OTP-kod kifoya qiladi.

Shuningdek, P2P pul o‘tkazmalari bo‘yicha ham banklar va to‘lov xizmatlariga ko‘proq mustaqillik berilishi rejalashtirilmoqda. Ular o‘z risk siyosatidan kelib chiqib, qaysi operatsiyalar uchun qo‘shimcha tasdiqlash kodi talab qilinishini mustaqil belgilashi mumkin bo‘ladi.

Firibgarlikdan himoya va maxfiylik kuchaytiriladi

Loyiha firibgarlikka qarshi mexanizmlarni ham kengaytirishni nazarda tutadi. Xususan, odatiy SMS-kod o‘rniga antifrod tizimlaridan yuboriladigan xabarlar yoki autentifikatsiyaning boshqa usullaridan foydalanishga ruxsat beriladi. Qurilmada zararli dastur aniqlansa, foydalanuvchilar SMS bilan birga PUSH-xabarnomalar orqali ham ogohlantirilishi mumkin.

Bundan tashqari, moliyaviy tashkilotlarga shubhali operatsiyalar mezonlarini ichki qoidalari asosida mustaqil belgilash huquqi berilishi, pul o‘tkazmalarida mablag‘ oluvchining ism-familiyasi qisman yashirilishi hamda ma’lumotlarni uzatishda TLS protokollaridan foydalanish bo‘yicha texnik talablarni yangilash taklif etilmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan hujjat bo‘yicha takliflar 1-avgustga qadar qabul qilinadi.

Теглар

Мавзуга оид