Logo

Markaziy bankning tashqi aktivlari 845 trln so‘mga yetdi, uning asosiy qismini oltin tashkil qilmoqda

Markaziy bankning sof tashqi aktivlari bir oyda 10 foizga, yil davomida esa 36,1 foizga oshdi. Monetar oltin qiymati 765,7 trln so‘mga yetgan, pul bazasi esa 118,1 trln so‘mni tashkil qilgan.

Markaziy bankning tashqi aktivlari 845 trln so‘mga yetdi, uning asosiy qismini oltin tashkil qilmoqda © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bankning 2026 yil sentabr holatiga ko‘ra, sof tashqi aktivlari 845,2 trln so‘mga yetdi, deb xabar bermoqda Markaziy bank.

Bu ko‘rsatkich avgustga nisbatan 10 foizga, 2025 yil sentabriga nisbatan esa 36,1 foizga oshgan.

Oltin qiymati 765,7 trln so‘mga yetdi

Sof tashqi aktivlarning asosiy qismini monetar oltin tashkil qilmoqda. Sentyabr oyida uning qiymati 765,7 trln so‘m bo‘lgan.

Monetar oltin bir oyda 13,6 foizga, bir yil ichida esa 53,1 foizga oshgan.

Shu bilan birga, norezidentlarga bo‘lgan talablar 86,4 trln so‘mni tashkil etdi. Bu avgustga nisbatan 15 foizga, 2025 yil sentabriga nisbatan esa 32,5 foizga kamaygan.

Demak, sof tashqi aktivlardagi yillik o‘sishning asosiy qismi norezidentlarga bo‘lgan talablarning ko‘payishi bilan emas, monetar oltin qiymatining oshishi bilan bog‘liq.

Pul bazasi 118 trln so‘mdan oshdi

Markaziy bankning pul bazasi sentabr oyida 118,1 trln so‘mni tashkil qildi.

Bu ko‘rsatkich bir oyda 0,3 foizga kamaygan, biroq bir yil davomida 17,9 foizga oshgan.

Pul bazasining asosiy qismini muomaladagi naqd pullar tashkil etadi. Ularning hajmi 92,2 trln so‘mga yetgan. Naqd pullar avgustga nisbatan 2,6 foizga, yiliga esa 24,9 foizga ko‘paygan.

Boshqa depozit tashkilotlarning Markaziy bank oldidagi majburiyatlari esa 24,3 trln so‘mni tashkil etib, bir oyda 10,8 foizga kamaygan.

Hukumatga nisbatan sof talab manfiyligicha qolmoqda

Markaziy hukumatga bo‘lgan sof talablar sentabr oyida −132,3 trln so‘mni tashkil etdi.

Bunda Markaziy bankning hukumatga bo‘lgan talablari 0, hukumat oldidagi majburiyatlari esa 132,3 trln so‘m sifatida qayd etilgan.

Bir yil avval ushbu sof ko‘rsatkich −101,1 trln so‘m bo‘lgan.

Kapitaldagi ishtirok 517 trln so‘mga yaqinlashdi

Markaziy bank balansidagi yana bir yirik ko‘rsatkich — aksiyalar va kapitaldagi ishtirokning boshqa shakllari.

Sentyabr holatiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 516,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu avgustga nisbatan 16,7 foizga, 2025 yil sentabriga nisbatan esa 27,7 foizga ko‘p.

Bir yil avval ushbu ko‘rsatkich 409,4 trln so‘m edi.

Ayrim majburiyatlar besh baravarga yaqin oshgan

Markaziy bank balansidagi eng keskin yillik o‘zgarishlardan biri boshqa depozit tashkilotlarning boshqa majburiyatlarida kuzatildi.

Ushbu ko‘rsatkich sentabrda 81,2 trln so‘mga yetgan. 2025 yil sentabrida esa u 19,6 trln so‘m edi.

Shunday qilib, mazkur majburiyatlar bir yil ichida qariyb 4,1 baravar oshgan.

Biroq balans jadvalining o‘zida ushbu keskin o‘sishning tarkibi va sabablari alohida ko‘rsatilmagan.

Теглар

Мавзуга оид