Markaziy Osiyoda iqtisodiy kuch kimning qo‘lida? Holat tahlil qilindi
Mintaqadagi besh davlat iqtisodiyoti 543 milliard dollarga baholanmoqda.
© Prezident matbuot xizmatiMarkaziy Osiyoning besh davlati — Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikistonning jami yalpi ichki mahsuloti qariyb 543 milliard dollarga baholanmoqda. Bu haqda «The Times of Central Asia» xabar berdi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqada eng katta iqtisodiyot Qozog‘istonga tegishli. Mamlakatning YAIMi 306 milliard dollar bo‘lib, Markaziy Osiyo umumiy iqtisodiyotining 56,4 foizini tashkil qiladi.
O‘zbekiston 147 milliard dollarlik YAIM ko‘rsatkichi bilan ikkinchi o‘rinni band etgan bo‘lib, uning mintaqa iqtisodiyotidagi ulushi 27,1 foizni tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarni mos ravishda Turkmaniston (50 milliard dollar, 9,2 foiz), Qirg‘iziston (23 milliard dollar, 4,2 foiz) va Tojikiston (18 milliard dollar, 3,3 foiz) egallagan.
Investitsiyada ham farq katta
UNCTAD ma’lumotlariga ko‘ra, besh davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi 220,5 milliard dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichda ham Qozog‘iston katta ustunlikka ega.
Qozog‘istonga 151,3 milliard dollar investitsiya yo‘naltirilgan bo‘lib, mintaqadagi ulushi 68,6 foizga teng. Turkmaniston 44,6 milliard dollar va 20,2 foiz ulush bilan ikkinchi o‘rinda.
O‘zbekistonning xorijiy investitsiyalardagi hajmi 16,7 milliard dollar yoki 7,6 foizni tashkil etadi. Qirg‘iziston va Tojikistonning har biriga 4 milliard dollardan investitsiya to‘g‘ri kelgan.
Eksportda ham Qozog‘iston yetakchi
Markaziy Osiyoning besh davlati eksporti umumiy qiymati 139 milliard dollarga baholangan. Qozog‘iston 92 milliard dollarlik eksport bilan mintaqada mutlaq yetakchi va umumiy hajmning 66 foizini ta’minlagan.
O‘zbekiston 32 milliard dollar eksport hajmi bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Uning mintaqadagi ulushi 23 foizni tashkil etadi.
Turkmanistonning eksporti 7 milliard, Qirg‘izistonniki 6 milliard, Tojikistonniki esa 1,6 milliard dollarga baholangan.
Aholi soni bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinda
Markaziy Osiyoning besh davlatida jami 83,6 million kishi yashaydi. Aholi soni bo‘yicha O‘zbekiston 37 million kishi bilan birinchi o‘rinda turibdi. Mamlakat mintaqadagi umumiy aholining 44 foizini tashkil qiladi.
Qozog‘istonda 21 million kishi yashaydi va uning mintaqadagi ulushi 25 foizga teng. Tojikiston aholisi 11 million yoki 13 foiz, Turkmaniston aholisi 8 million yoki 9 foiz, Qirg‘iziston aholisi esa 7 million kishini tashkil etib, mintaqadagi ulushi 8,8 foizga teng.





