Metro bekatlarida oynali to‘siqlar o‘rnatiladi, yo‘l haqi esa masofaga qarab belgilanishi mumkin
Qolaversa, bo‘sh turgan bino va xonalarni kovorking va kichik ofis sifatida tadbirkorlarga auksion asosida ijaraga berish taklif etildi.

2030 yilgacha Toshkent metropolitenida kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 million nafarga yetkazish, bekatlar sonini 79 taga, liniyalar uzunligini esa 103 kilometrgacha oshirish maqsad qilingan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev metropoliten infratuzilmasidan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan taqdim etilgan takliflar bilan tanishganda ma’lum qilindi.
Poyezdlar harakati intervalini bosqichma-bosqich 1,5–3 daqiqagacha qisqartirish ko‘zda tutilgan. 2026–2028 yillarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va fuqaro muhofazasi obyektlarining texnik bazasini takomillashtirish choralari ko‘riladi.
Oynali himoya to‘siqlari
Yo‘lovchilar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida «Shahriston» metro bekati platformalarida sinov tariqasida oynali himoya to‘siqlari o‘rnatiladi. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday to‘siqlar platformalardagi baxtsiz hodisalarni 80–90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi va qo‘shimcha reklama maydoni sifatida xizmat qiladi.
Tijoriy imkoniyatlar
Metropolitenda qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish uchun vagon va platformalardagi raqamli reklama maydonlari auksion orqali ijaraga beriladi. Shuningdek, bekatlarda vending apparatlari, kichik savdo shoxobchalari joylashtiriladi, stansiyalar oldida avtoturargohlar va «Park&Ride» tizimi tashkil etiladi. Bo‘sh turgan bino va xonalarni kovorking hamda kichik ofis sifatida tadbirkorlarga ijaraga berish taklif etildi.
2027–2030 yillarda metropoliten uchun zarur bo‘lgan yangi harakat tarkiblarini xarid qilish va ular uchun yangi elektrodepo qurish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 2027–2035 yillarda Toshkent metropolitenini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish belgilanmoqda. Unda tarmoqlarni ikki barobarga kengaytirish va yo‘lovchi tashish hajmini 2,5 barobarga oshirish vazifalari qamrab olinadi.
Янги to‘lov tartibi
Yo‘l kira haqini to‘lash tizimi ham takomillashtiriladi. Xorijiy tajriba asosida masofaga qarab to‘lash, aholi toifalari uchun imtiyozlar, shuningdek, kunlik, haftalik va oylik abonementlar tizimini joriy etish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, ularni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi.





