Migratsiya va iqtisod: migrantlar jo‘natayotgan pullar ayrim davlatlar uchun hal qiluvchi omilga aylangan

Бугун 14:453 дақиқа

Tojikiston pul o‘tkazmalari bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lib, tushumlar YAIMning 47,9 foizini tashkil etadi. O‘zbekiston va boshqa davlatlar chet eldan yuboriladigan pullarga qanchalik tayanayotganini maqoladan bilib olasiz.

Migratsiya va iqtisod: migrantlar jo‘natayotgan pullar ayrim davlatlar uchun hal qiluvchi omilga aylangan © Houssam Shbaro / Anadolu Agency via Getty Images

Ayrim iqtisodiyotlarda chet elda ishlayotgan migrantlar yuborgan pullar shunchaki yordam emas, balki milliy daromadning asosiy ustunlaridan biri hisoblanadi. Masalan, Tojikistonda 2024-yilda pul o‘tkazmalari YAIMning 47,9 foizini tashkil etgan bo‘lib, bu dunyodagi eng yuqori ulush hisoblanadi.

Jahon banki ma’lumotlari asosida tayyorlangan quyidagi vizualizatsiya 2024-yilda 194 ta iqtisodiyot bo‘yicha jismoniy shaxslar pul o‘tkazmalarining YAIMga nisbatini ko‘rsatadi. U migratsiya bilan bog‘liq daromadlar jahondagi o‘rtacha 0,82 foiz ko‘rsatkichga nisbatan ayrim davlatlarda qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini namoyish etadi.

1

Eng yuqori ulushga ega mamlakatlar ro‘yxati

Tojikiston 2024-yilda 47,9 foiz ko‘rsatkich bilan boshqa barcha iqtisodiyotlardan ancha oldinda turadi.

Nikaragua, Nepal, Honduras va Samoa ham ajralib turadi, ularning har biri milliy ishlab chiqarishning taxminan chorak qismini ushbu kirimlar hisobidan ta’minlaydi. Dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa atigi 0,82 foiz.

Nima uchun ba’zi iqtisodiyotlar pul o‘tkazmalariga ko‘proq bog‘liq?

Pul o‘tkazmalariga qaramlik odatda kichikroq yoki daromadi past bo‘lgan iqtisodiyotlarda yuqori bo‘ladi, chunki ishchi kuchining katta qismi chet elga migratsiya qiladi. Yuborilgan mablag‘lar uy xo‘jaliklari xarajatlari, ta’lim, uy-joy va kundalik ehtiyojlarni qoplashga xizmat qiladi va ichki iqtisodiyotda muhim rol o‘ynaydi.

Bu bog‘liqlik ikki tomonlama ta’sirga ega. Bir tomondan, pul o‘tkazmalari ko‘pincha iqtisodiy pasayish davrlarida xorijiy investitsiyalarga qaraganda barqarorroq bo‘ladi. Ikkinchi tomondan, bunday davlatlar qabul qiluvchi mamlakatlardagi mehnat bozori o‘zgarishlari, migratsiya siyosati va pul o‘tkazish xarajatlariga juda sezgir bo‘ladi.

O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

2024-yilgi ma’lumotlar asosida shakillantirilgan jadvalda O‘zbekiston 19-o‘rinda keltirilgan. Chet elda ishlayotgan o‘zbekistonlik migrantlar yuborgan pullar YAIMning 14,4 foizini tashkil qilgan.

O‘zbekiston qo‘shnisi bo‘lgan Tojikiston YAIMning 47,89 foizi pul o‘tkazmalariga to‘g‘ri kilishi bilan birinchi o‘rinda turgan bo‘lsa, 17,74 foiz bilan Qirg‘iziston 14-, 0,08 foiz bilan Qozog‘iston 116-o‘rinda ko‘rsatilgan. Turkmaniston esa ro‘yxatga kiritilmagan.

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatga chet eldan pul o‘tkazmalari 18,9 milliard dollarga yetgan. Bu 2020-yildagi raqamlardan (6 milliard dollar) uch baravardan, 2021-yildagidan (8,1 milliard dollar) ikki karradan ziyodga ko‘p. 

Markaziy bank tahliliga ko‘ra, o‘zbekistonlik muhojirlar Rossiya, Qozog‘iston, Koreya, Turkiya kabi an’anaviy davlatlar bilan birga Yevropa va Osiyo mehnat bozoriga ham kengroq kirib bormoqda. Masalan, o‘tgan yili mamlakatga Yevropa Ittifoqidan migrantlar 563 million dollar yuborgan. Bu 2024-yildagidan 253 million dollarga yoki 37 foizga ko‘proq. O‘z navbatida, 2025-yilda AQSHdan O‘zbekistonga 665 million dollar (yillik o‘sish 15 foiz), Koreyadan 612 million dollar (o‘sish 15 foiz), Buyuk Britaniyadan 188 million dollar (o‘sish 39 foiz) o‘tkazilgan. O‘z navbatida Qozog‘istondan 903 million dollar (2024-yilda 795 million dollar), Turkiyadan 547 million dollar yuborilgan (bir yil oldin 406 million dollar) kelib tushgan.

O‘zbekistonga Rossiyadan pul o‘tkazmalari bo‘yicha raqamlar keltirilmagan. Lekin mamlakatga eng yirik pul oqimlari aynan ushbu davlatdan keladi.

Yirik iqtisodiyotlarda kichik ulush

Qizig‘i shundaki, dunyodagi eng katta pul o‘tkazma qabul qiluvchi mamlakatlardan ba’zilari, masalan, Hindiston, Meksika va Filippin YAIMga nisbatan yuqori o‘rinlarda emas.

Hindiston: pul o‘tkazmalari YAIMning 3,5 foizi

Meksika: 3,6 foizi

Filippin: 8,7 foizi

Oddiy qilib aytganda, yirik iqtisodiyotlarda daromad manbalari ko‘proq diversifikatsiya qilingan bo‘lib, pul o‘tkazmalarining nisbiy ta’siri kamroq bo‘ladi.

Pul yuborish xarajatlari

Pul o‘tkazmalari juda muhim bo‘lishiga qaramasdan, ularni yuborishda yuqori komissiyalar mavjud. Ayrim mamlakatlarda ushbu xarajatlar dunyodagi eng yuqori darajada bo‘lib, oilalarga yetib boradigan mablag‘ni kamaytiradi.

Shu sababli, xarajatlarni pasaytirish siyosatchilar va xalqaro tashkilotlar uchun ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi, chunki hatto kichik kamayish ham pul o‘tkazmalariga bog‘liq mamlakatlarda aholi daromadini sezilarli oshirishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид

Migratsiya va iqtisod: migrantlar jo‘natayotgan pullar ayrim davlatlar uchun hal qiluvchi omilga aylangan | Vaqt.uz