Moliyaviy ko‘rsatkichlarda farq bor: payme 1 000 so‘mlik aksiyaga 12 000 so‘m dividend to‘laydi

To‘lov tashkiloti 2024 yilgi sof foydasidan 240 mlrd so‘m aksiyadorlarga dividend to‘lashini ma’lum qildi. Bu sof foydani deyarli barcha qismi degani. Biroq, avvalroq e’lon qilingan hisobotda sof foyda 274,3 mlrd so‘m edi.

Moliyaviy ko‘rsatkichlarda farq bor: payme 1 000 so‘mlik aksiyaga 12 000 so‘m dividend to‘laydi

O‘zbekistondagi eng yirik to‘lov tashkilotlaridan biri — payme 2024 yilgi sof foydani taqsimlash bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilindi.

11-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aksiyadorlarga 240 mlrd so‘m dividend to‘lash bo‘yicha qaror qabul qilingan. Bu har bir aksiyaga 1 200 foizdan (12 000 so‘m) dividend to‘lanishini bildiradi.

Yig‘ilish e’lon qilingan ma’lumotnomada payme to‘lov tashkilotining 2024 yilgi sof foydasi 241,3 mlrd so‘m ekani ko‘rsatilgan.

2025 yilning yozida e’lon qilingan yillik hisobotda esa sof foyda 274,3 mlrd so‘m ekani qayd etilgan. Yangi axborotda sof foyda 33 mlrd so‘m kamroq ko‘rsatilmoqda.

Moliyaviy ko‘rsatkichlar mos kelmayotganiga 2025 yil oktabrida chiqarilgan qaror sabab bo‘lishi mumkin. O‘shanda hisobotda sof foyda 3 mlrd so‘mga kamroq — 271,3 mlrd so‘m qilib ko‘rsatilgandi.

Sof foydadan 30 mlrd so‘m aksiyadorlarga 150 foiz ko‘rinishida dividend sifatida berilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Qolgan 241,3 mlrd so‘m taqsimlanmagan foyda sifatida qoldirilishi belgilangan. Bu esa 11-fevraldagi sof foyda ko‘rsatkichi bilan mos keladi.

Shundan kelib chiqib, sof foydaning deyarli barcha qismi dividenlarga yo‘naltirilganini xulosa qilish mumkin. Demak, 2024 yilgi sof foydaning deyarli 100 foizi aksiyadorlarga qaytarilmoqda.

Qaysi to‘lov tashkiloti ko‘proq foyda olgan?

2024 yilda payme sof foyda bo‘yicha 274,3 mlrd so‘m bilan to‘lov tashkilotlari orasida uchinchi o‘rinni egallagandi. Undan avvalgi o‘rinlarda — Click va Paynet.

Click o‘sha yil davomida 295,1 mlrd sof foyda olib, yetakchi bo‘lgandi. Paynet 281,5 mlrd so‘m ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Bu uchchala to‘lov tashkiloti 2024 yilda 70 foiz banklardan ko‘ra ko‘proq foyda olgan.

Hozirda Gruziyaning TBC Group kompaniyasi payme to‘lov tashkilotining to‘liq egasi hisoblanadi. 2019 yil aprelida kompaniya payme'ning 51 foizini sotib olgandi.

Shundan so‘ng 2023 yilning may oyida TBC Group qolgan 49 foiz ulushni 55,7 mln dollarga sotib oldi va payme'ning to‘liq egasiga aylandi.

Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda payme'ning 49 foiz ulushiga 5 nafar jismoniy shaxs egalik qilgan. Kelishuv natijasida ularning har biri bir necha mln dollardan pul olgan.

Теглар

Мавзуга оид

Moliyaviy ko‘rsatkichlarda farq bor: payme 1 000 so‘mlik aksiyaga 12 000 so‘m dividend to‘laydi | Vaqt.uz