my.gov.uz’da bank kartalari va mobil raqamlarni nazorat qilish imkoniyati joriy etiladi

19.02.2026 | 17:202 дақиқа

Platformada fuqarolar o‘z nomiga nechta bank kartasi va nechta sim-karta borligini ko‘rishi, zarur hollarda ushbu kartalar yoki raqamlarni portal orqali yopish uchun ariza yuborish imkoniyatini joriy etish rejalashtirilmoqda.

my.gov.uz’da bank kartalari va mobil raqamlarni nazorat qilish imkoniyati joriy etiladi

2026 yilning dekabr oyigacha my.gov.uz orqali bank kartalari va mobil raqamlarni nazorat qilish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston-2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida»gi Prezident farmonida belgilangan.

Davlat dasturiga ko‘ra, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida quyidagi imkoniyatlarni yaratish rejalashtirilmoqda:

— fuqarolarga o‘z nomiga nechta bank kartasi va nechta mobil aloqa raqami rasmiylashtirilganini ko‘rish; 

— zarur hollarda portal orqali ushbu kartalar yoki raqamlarni yopish uchun ariza yuborish imkoniyatini yaratish. 

Bu orqali fuqarolar o‘z nomidagi kartalar va raqamlar bo‘yicha to‘liq ma’lumotga ega bo‘ladi.

Shuningdek, dasturga ko‘ra, banklar va mobil aloqa operatorlarining axborot tizimlari bilan xavfsiz integratsiya o‘rnatish, real vaqt rejimida ma’lumot almashish imkoniyatini yaratilishi ham belgilangan.

Bank kartalari sonidagi cheklovlar

Markaziy bank 2025 yil 1-yanvaridan bitta fuqaroga ajratiladigan kartalar soniga vaqtinchalik cheklov kiritgan edi. Unga ko‘ra, har bir fuqaro bitta bankda 5 ta, barcha banklarda umumiy (virtual va kobeyjing kartalari bilan birga) 20 tagacha bank kartasi ochishi mumkin.

Bu tartib 2025- yil oxiri, 31-dekabrgacha amal qilishi kerak edi. Ammo Markaziy bank kartalar soniga qo‘yilgan cheklovni yana bir yilga uzaytirgan.

Ma’lumot uchun: vaqtinchalik tartib chet el valutasida ochilgan bank kartalari hamda yangi bank kartalarini rasmiylashtirishga tatbiq etilmaydi va orqaga qaytish kuchiga ega emas. 

Vaqtinchalik cheklov nega o‘rnatilgan?

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolar nomiga ko‘p miqdorda ochilgan bank kartalarini tahlil qilish jarayonida, mazkur bank kartalarining bir qismidan firibgarlik maqsadlarida foydalanilayotganligini aniqlangan. Ko‘p holatlarda karta egasining bundan xabari bo‘lmagan.

Regulyator kartalar ochish bo‘yicha vaqtinchalik cheklovning maqsadini banklar tomonidan emissiya qilingan kartalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Markaziy bank axborot tizimi bilan sinxronizatsiyalash orqali ular bilan bog‘liq firibgarlik holatlarini bartaraf etish, deya tushuntirgan.

Ushbu cheklov joriy etilgandan so‘ng, banklar o‘z mizojlariga aktiv bank kartalari mavjudligi haqida SMS-xabarnomalar yuborishni boshlagan edi. Jumladan, ular 12 oy davomida «harakatsiz» bo‘lgan kartalarni bloklanishi haqida ogohlantirilgan.

Теглар

Рухсора Жовлиева

Рухсора ЖовлиеваМақолалар сони: 866

Барчаси

Мавзуга оид