Neft narxi 100 dollardan oshdi: G7 davlatlari favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi

10.03.2026 | 08:252 дақиқа

Jahon bozorida neft narxi keskin ko‘tarilib, barreli uchun 100 dollarlik psixologik to‘siqdan o‘tdi. Bunga AQSH va Isroilning Eron bilan urushi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berishni uzoq vaqtga izdan chiqarishi haqidagi xavotirlar sabab bo‘ldi.

Neft narxi 100 dollardan oshdi: G7 davlatlari favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi

Dushanba kuni Osiyodagi savdolarda «Brent» markali neft narxi qariyb 15,5 foizga qimmatlashib, bir barrel uchun 107,16 dollarni tashkil etdi. AQSHning «WTI» nefti esa 17 foizdan ziyod o‘sish bilan 106,77 dollarga chiqdi. Savdolarning dastlabki daqiqalaridayoq narxlarning 10-20 foizlik sakrashi bozordagi kuchli vahimadan dalolat beradi.

Vaziyatning keskinlashuviga o‘tgan dam olish kunlari Eronga berilgan yangi aviazarbalar va Tehrondagi siyosiy o‘zgarishlar turtki bo‘ldi. Ali Xomanaiyning o‘rniga uning o‘g‘li — Mo‘jtabo Xomanaiyning oliy rahbar etib tayinlanishi mamlakatda qat’iy siyosiy yo‘nalish saqlanib qolishini anglatmoqda.

G7 strategik zaxiralarni ochishga tayyor

«Katta yettilik» (G7) davlatlari moliya vazirlari favqulodda uchrashuv o‘tkazib, bozorni barqarorlashtirish uchun strategik neft zaxiralaridan foydalanish imkoniyatini muhokama qildilar. Fransiya Moliya vaziri Rolan Leskyurning ta’kidlashicha, ittifoqchilar vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va zarur bo‘lsa, Xalqaro energetika agentligi (XEA) ixtiyoridagi 1,2 mlrd barrellik favqulodda zaxiralarni ishga soladi.

XEA rahbari Fotih Birolning so‘zlariga ko‘ra, agentlik tarixida bunday chora shu paytgacha faqat besh marta qo‘llanilgan. AQSH ushbu zaxiralarning 25-30 foizini (300-400 mln barrel) bozorga chiqarishni taklif qilmoqda. Bu bo‘yicha yakuniy qaror 10-mart kuni bo‘lib o‘tadigan energetika vazirlari yig‘ilishida qabul qilinishi kutilmoqda.

AQSHdagi benzin inqirozi

AQSH prezidenti Donald Трaмп neft narxining ko‘tarilishini «qisqa muddatli» deb atadi va Tehronning yadroviy tahdidi bartaraf etilgach, narxlar tushishiga ishonch bildirdi. Biroq AQSHda benzinning o‘rtacha narxi bir hafta ichida galloniga 2,98 dollardan 3,45 dollargacha ko‘tarildi.

Hozir Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar harakati deyarli to‘liq to‘xtagan. Jahon neft ta’minotining 20 foizi aynan shu yo‘nalishga to‘g‘ri kelishini inobatga olinsa, cheklovlarning davom etishi energiya inqirozini yanada chuqurlashtirishi mumkin. Fors ko‘rfazidagi qator davlatlar ham xavfsizlik nuqtai nazaridan qazib olishni vaqtincha to‘xtatgan.

Jahon iqtisodiyoti 1970-yillardagi energiya inqiroziga o‘xshash jiddiy sinov qarshisida turibdi.

Теглар

Мавзуга оид