Neft va gaz front chizig‘ida: Erondagi urush energetika bozorlarini qanday qayta shakllantirmoqda?
Urush boshlanganidan bir necha kun o‘tib, energetika bozorlari qo‘rqqan eng yomon ssenariylar amalga osha boshladi. Neftdan farqli ravishda, suyultirilgan tabbiy gaz savdosida zaxira quvvatlari deyarli yo‘q.

Yaqin Sharqdagi urushning asosiy xususiyati shundaki, neft qazib oluvchi mamlakatlarning energetika infratuzilmasi o‘q otish chizig‘ida qoldi.
Eron bilan urush ko‘pchilik kutgandan ham tezroq kengaymoqda. Islom Respublikasining Fors ko‘rfazi arab davlatlariga qarshi javob harakatlari harbiy nishonlar doirasidan chiqib, fuqarolik uchun muhim infratuzilmalarga, jumladan aeroportlar, dengiz suvini chuchuklashtirish inshootlari va energetika obyektlariga ham ta’sir qildi. Hizbulloh Livan hududidan ikkinchi frontni ochdi. AQSH prezidenti Donald Tramp operatsiya «to‘rt–besh hafta» davom etishi mumkinligini taxmin qildi. Biroq qariyb 50 nafar yuqori lavozimli eronlik amaldor halok bo‘lganidan keyin mojarodan chiqish bo‘yicha muzokaralarni kim olib borishi mumkinligi ham noaniqligicha qolmoqda.
Mahalliy mojaro o‘rniga – jahon neft qazib olish markaziga zarba
Nyu York universiteti Professional tadqiqotlar maktabi Global masalalar markazi dekani o‘rinbosari va amaliyotchi professor Kevrlayn Kisseynning yozishicha, Tramp ehtimol mahalliy qarama-qarshilikni kutgan bo‘lishi mumkin, ammo amalda u jahon energetika tizimining eng muhim markazida jiddiy larzalarni keltirib chiqardi. Neft va suyultirilgan tabiiy gazni tashish uchun dunyodagi eng muhim dengiz «tor o‘tish yo‘laklaridan» biri bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hozir minimal quvvat bilan ishlamoqda.
Javob sifatida Tramp yuk tashuvchi kemalar uchun harbiy xavf-xatarlarni sug‘urtalashni ta’minlash va bo‘g‘ozni qayta ochish uchun AQSH dengiz kuchlari tomonidan kuzatuv berishni taklif qildi. Ammo moliyaviy kafolatlar va harbiy konvoylar tankerlar raketalar, dronlar va asimmetrik hujumlar uchun hali ham himoyasiz ekani sharoitida tranzit xavfsizligini to‘liq ta’minlay olmaydi. Kemalar hujumga uchrayotgan paytda ishonch past bo‘lib qolaveradi, bo‘g‘oz orqali harakat esa cheklangan bo‘ladi. Bu esa jahon energetika bozorlarini keyingi uzilishlar oldida yanada zaif qiladi.
Agar neft yuklash yaqin vaqtda qayta tiklanmasa, saqlash imkoniyatlarining cheklangani Fors ko‘rfazi davlatlarini qazib olish hajmini qisqartirishga majbur qiladi. Bu esa jahon taklifini kamaytiradi va neft narxlarining oshishiga bosimni kuchaytiradi. So‘nggi yillarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi o‘sganiga qaramay, uglevodorodlar hali ham jahon iqtisodiyotiga chuqur singib ketgan. Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, Kuvayt, Iroq va Eron Osiyo sanoatidan tortib Yevropa ishlab chiqarishi va global transportgacha energiya yetkazib beruvchi ta’minot zanjirlarining asosiy bo‘g‘inlaridir.
Vaziyatni yana og‘irlashtirayotgan omil bu mojaroning yaqin orada tugashi hozircha ko‘rinmayotganidir. Eron oliy rahbari, oyatolluh Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi, ammo yetakchining yo‘q qilinishi rejim almashishini anglatmaydi. Aksincha, tarix shuni ko‘rsatadiki, markaziy hokimiyat parchalanishdan ko‘ra tezroq birlashishi ham mumkin. Eron davlat institutlari va Islom inqilobi muhofizlari korpusi o‘z yaxlitligini saqlab qolmoqda hamda hozirgi sur’atdagi hujumlarni bir necha hafta davomida qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli raketa zaxiralariga ega. Rejimning javob harakatlari salohiyati hali tugagani yo‘q.
Keng qamrovli oqibatlarga ega mojaro
Mojaroning qancha davom etishi energetika bozorlari uchun hal qiluvchi omil hisoblanadi. Qisqa urushlar odatda narxlar o‘zgaruvchanligini keltirib chiqaradi, ammo uzoq davom etgan beqarorlik savdo oqimlari, infratuzilma xavflariga berilgan baholar va investorlar xulq-atvorini o‘zgartiradi. Hozir asosiy savol faqat Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yana ochiladimi-yo‘qmi emas, balki Eron muhim energetik infratuzilmaga yana qancha qo‘shimcha zarar yetkazishi mumkinligidadir.
Bundan tashqari, ta’minot xavflari tranzit xavflarini ham kuchaytirmoqda. Iroq allaqachon neft qazib olishni qisqartirdi. Qatar esa dron hujumlaridan keyin asosiy obyektlarda suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Saudiya Arabistoni Ras-Tanura majmuasiga berilgan zarbalardan keyin o‘z infratuzilmasiga yana hujumlar bo‘lishidan xavotirlanmoqda, bu yerda podshohlikdagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodi joylashgan bo‘lib, u kuniga taxminan 550 ming barrel neft qayta ishlaydi, shuningdek, muhim eksport terminali ham shu yerda joylashgan. Fors ko‘rfazi davlatlarining energetik infratuzilmasi endilikda eskalatsiya hududiga aylangani sababli, ishlab chiqaruvchilar tobora ko‘proq xavfsizlik va ishlab chiqarishning uzluksizligi o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa ehtiyot choralari orqali butun tizim barqarorligini pasaytirmoqda.
Aynan shu sababli neft narxlari keskin oshdi. Bozorlar ham ta’minotning bir qismi yo‘qolishiga, ham infratuzilma qancha vaqt tahdid ostida bo‘lishi mumkinligi haqidagi noaniqlikka javob bermoqda. Gaz bozorlari esa yanada qattiq cheklovlarga duch kelmoqda. Neftdan farqli ravishda, suyultirilgan tabbiy gaz savdosida zaxira quvvatlari deyarli yo‘q. Agar Fors ko‘rfazidagi uzilishlar bir necha hafta davom etsa, xaridorlar cheklangan yoqilg‘i partiyalari uchun raqobatga kirishadi.
Bu holat ayniqsa Yevropa uchun xavfli. Kutilgandan sovuqroq bo‘lgan qishdan keyin u yerda gaz zaxiralari to‘ldirish mavsumi boshlanishidan oldin ancha past darajada. Garchi Ho‘rmuz bo‘hozi orqali o‘tayotgan suyultirilgan tabiiy gazning katta qismi Osiyoga yo‘naltirilsa-da, jahon gaz bozorlari o‘zaro bog‘langan. Fors ko‘rfazidan ta’minot kamayganda raqobat kuchayadi. Gaz omborlarini to‘ldirish qimmatroq va siyosiy jihatdan sezgirroq masalaga aylanadi. Agar suyultirilgan tabiiy gaz oqimlari cheklangan holda qolsa, Yevropa kelasi qish oldidan yanada murakkab vaziyatga duch kelishi mumkin.
Taqchillik oqibatlari faqat Yevropa bilan cheklanmaydi. Dunyodagi eng yirik neft importchisi Xitoy quruqlikdagi strategik va tijorat omborlarida taxminan 1,2 milliard barrel neft zaxirasi to‘plagan. Bu hozirgi darajadagi sof importni 100 kundan ortiq ta’minlashga yetadi. Bu zaxiralar ma’lum darajada himoya vazifasini bajarishi mumkin, ammo strategik neft zaxiralari faqat vaqt yutish imkonini beradi. Agar beqarorlik davom etsa, zaxiralarni to‘ldirish qimmatlashadi, neftni qayta ishlash marjasi qisqaradi va ishlab chiqarish xarajatlari oshadi.
Jahon bozorida neft narxlarining oshishi arzon Rossiya uglevodorodlarining nisbiy jozibadorligini ham kuchaytiradi. Bozor taranglashgan sharoitda sanksiyalar ostidagi neft ham raqobatbardoshroq bo‘lib qoladi va bu ehtimol Kremlning energetik daromadlarini oshirishi mumkin. Fors ko‘rfazidagi uzoq davom etuvchi beqarorlik nafaqat ta’minot zanjirlarini, balki geosiyosiy ta’sir muvozanatini ham o‘zgartirishi mumkin.
Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar yanada katta xavflarga duch keladi. Neft va gaz narxlarining oshishi global soliqqa o‘xshash ta’sir ko‘rsatib, oziq-ovqat, transport va elektr energiyasi narxlarini qimmatlashtiradi. Inflatsiya va qarz muammolari bilan kurashayotgan mamlakatlar uchun uzoq davom etuvchi o‘zgaruvchanlik valuta va davlat moliyasini beqarorlashtirishi mumkin.
Eron bilan urushning o‘ziga xosligi bitta katastrofik uzilish xavfida emas, balki energetik infratuzilmaning harbiy eskalatsiya mantig‘ining bir qismiga aylanib qolganidadir. O‘nlab yillar davomida Fors ko‘rfazidagi uglevodorod aktivlari jahon iqtisodiyoti uchun juda muhim deb hisoblanib, ularga tizimli hujumlar qilinmasligi haqida norasmiy tiyib turish mavjud edi. Biroq bu norasmiy to‘siq endi kuchini yo‘qotmoqda. Aniq zarbalar va oldindan to‘xtatib qo‘yishlar infratuzilma endi to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘q chizig‘ida turganini ko‘rsatmoqda.
Nihoyat, bozorlar ortib borayotgan noaniqlikka ham javob bermoqda. Donald Trampning siyosiy bayonotlari diplomatiya, tiyib turish va eskalatsiya o‘rtasida tebranib turibdi. Bu esa energetika sohasi investorlariga mojaroning ehtimoliy yo‘nalishi va davomiyligini baholashni qiyinlashtirmoqda.
Ko‘pchilik bu mojaroni muqarrar emas, balki oldini olish mumkin bo‘lgan nizo deb qabul qilgan edi. Agar u kutilgandan uzoq davom etsa yoki yanada vayronkor bo‘lsa, jahon iqtisodiyoti uchun oqibatlar jiddiy bo‘ladi. Energiya ta’minotiga berilgan zarba sug‘urta bozorlari, yuk tashish xarajatlari, zaxira to‘plash sikllari, sanoat ta’minot zanjirlari va butun dunyodagi yoqilg‘i narxlariga ta’sir qiladi. Qarama-qarshilik boshlanganidan bir necha kun o‘tib, energetika bozorlari qo‘rqqan eng yomon ssenariylar amalga osha boshladi. Uzoqqa cho‘zilgan urush neft va gaz bozorlaridagi o‘zgaruvchanlikni barqaror bosimga aylantirishi mumkin, bu esa hozirgi noaniqlikdan ham yomonroq ssenariydir.





