Neft va gaz qazib olish 2026 yilda ham pasaymoqda
2026 yil yanvar oyida neft va tabiiy gaz ishlab chiqarishda o‘tgan ikki yilning yanvar oyiga nisbatan pasayish qayd etilgan.

O‘zbekistonda tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi 2026-yil yanvar oyida 3,7 mlrd metr kubni tashkil qilmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan hisobotda keltirilgan.
Gaz ishlab chiqarish ko‘rsatkichi o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan 300 mln metr kubga kamaygan. Xuddi shunday neft ishlab chiqarish ham oxirgi 2 yilda 6,3 ming tonnaga qisqargan.
2026 yil yanvar oyida neft ishlab chiqarish 54,1 ming tonnani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025 yil yanvardagi 55,1 ming tonnadan 1 ming tonnaga kamaydi. 2024 yilning mos davrida esa neft ishlab chiqarish 60,4 ming tonna bo‘lgandi.
Tabiiy gaz ishlab chiqarish ham qisqarish tendensiyasini namoyon etgan. 2026 yil yanvar oyida 3,7 mlrd kub metr gaz qazib olindi. 2025-2025 yilning yanvarida bu ko‘rsatkich 4 mlrd kub metrni tashkil etgan.
Gaz kondensati ishlab chiqarishda ham izchil pasayish kuzatilgan. 2026 yil yanvarda 83,4 ming tonna mahsulot olingan. Bu 2025 yil yanvardagi 99,7 ming tonna va 2024 yildagi 111,7 ming tonnaga nisbatan sezilarli darajada kamdir.
Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025-yilda 42,3 mlrd metr kub gaz qazib olingan edi. O‘zbekiston-2030 strategiyasiga ma’lumotlarida esa o‘tgan yili qazib olingan gaz hajmi 41,7 mlrd metr kubni tashkil qilganligi keltirilgan.
Shuningdek, strategiyada O‘zbekistonda gaz qazib olish ko‘rsatkichi 2026 yilda 1,5 mlrd metr kubga kamayib, 40,2 mlrd metr kubni tashkil qilishi kutilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda gaz qazib olish 2030 yilgacha o‘sishi kutilayotganligi, ammo bu 2019-yildagi rekord darajaga yaqin ham kelmasligi haqida xabar berilgandi.





