Logo

Nega oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi kompaniya Toshkentda avtobus bekatlarini qurmoqda?

Бугун 10:573 дақиқа

Toshkentdagi yangi avtobus bekatlarini qurish huquqi nega aynan oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi kompaniyaga berilgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Vaqt.uz ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi vakilidan izoh oldi.

Nega oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi kompaniya Toshkentda avtobus bekatlarini qurmoqda? © vaqt.uz

Toshkent shahrida yangi avtobus bekatlarini qurish huquqi nima uchun qurilish sohasida tajribaga ega kompaniyaga emas, balki chipslar va ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonaga berilgani yuzasidan rasmiylar izoh berdi.

Vaqt.uz jurnalisti Feruza Najmiddinovaning mazkur savoliga javob bergan Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi rahbari o‘rinbosari Furqat Murodovning aytishicha, loyiha ochiq elektron auksion orqali amalga oshirilgan.

Unga ko‘ra, auksionga chiqishdan avval tadbirkorlar uchun bekatlarning dizayni, konstruksiyasi, ekspluatatsiyasi, tozaligi va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha aniq talablar belgilangan.

«Biz auksion e’lon qildik. Auksionga chiqargandan keyin bu korxona yutgan bo‘lsa, shartlarga javob bersa, bu korxona bilan ishlaymiz. Keyingi auksionimizda siz aytgandek boshqa korxona g‘olib bo‘lsa, boshqa korxona bilan ishlaymiz. Biz auksion g‘olibi bilan ishlaymi», — dedi Murodov.

Nega aynan oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi kompaniya?

Rasmiyning ta’kidlashicha, jamoat transporti bekatlaridan foydalanish loyihasi aslida reklama biznesi bilan chambarchas bog‘liq.

Shu bois reklama beruvchi yirik kompaniyalar bunday loyihalarda ko‘proq manfaatdor bo‘ladi.

Murodovning aytishicha, Ewi Snacks O‘zbekistonda Pepsi brendi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya hisoblanadi va reklama joylariga ehtiyoji yuqori bo‘lgani uchun auksionda faol qatnashgan bo‘lishi mumkin.

«Kompaniya bekatda o‘zini reklamasini, o‘zini mahsulotini reklama qilishdan manfaatdor, shuning uchun qatnashgan bo‘lishi mumkin. Bizda bekatni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha bunaqa yirik tadbirkorlar yo‘q», — dedi u.

U so‘zini davom ettirarkan, shu vaqtgacha bu yo‘nalishda asosan xalqaro JCDecaux kompaniyasi faoliyat yuritganini, ammo bu safar ochiq auksionda boshqa ishtirokchi g‘olib bo‘lganini qayd etdi.

Auksion qanday o‘tkazilgandi?

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil fevral oyida Toshkent shahar hokimligi poytaxtning 10 tumanidagi 41 ta avtobus bekati maydonchasini elektron auksionga qo‘ygan edi.

Lotning boshlang‘ich yillik ijara narxi 209,5 mln so‘m bo‘lgan. Savdolar davomida narx 459,5 mln so‘mgacha ko‘tarilgan va yakunda Ewi Snacks kompaniyasi g‘olib deb topilgan.

Shartnomaga ko‘ra, kompaniya 36 oy davomida bekatlardan foydalanish huquqini olgan.

Bekatlarga qanday talablar qo‘yilgan?

Auksion shartlariga muvofiq, g‘olib kompaniya yagona dizayndagi zamonaviy bekatlarni o‘rnatishi va ularni to‘liq ekspluatatsiya qilishi shart.

Har bir bekatda:

●     yoritish tizimi;

●     telefonlarni quvvatlash portlari;

●     videokuzatuv kameralari;

●     112 xizmatiga favqulodda murojaat tugmasi;

●     avtobuslarning kelish vaqtini ko‘rsatuvchi elektron tablo;

●     Wi-Fi uskunalari o‘rnatilishi belgilangan.

Bundan tashqari, bekatlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay bo‘lishi, sutkaning 24 soati foydalanishga tayyor holatda saqlanishi, ularning tozaligi va atrofi obodonlashtirilishi ham ijarachining majburiyatlari qatoriga kiradi.

Shuningdek, loyihalashtirish, qurilish, elektr, suv va boshqa muhandislik tarmoqlariga ulanish bilan bog‘liq barcha xarajatlar ham kompaniya zimmasiga yuklatilgan.

Qayd etilishicha, agar belgilangan talablarning birortasi bajarilmasa yoki sifatsiz bajarilsa, hokimlik ijara shartnomasini bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega.

Теглар

Мавзуга оид