Netanyahudan bayonot: «Eronning yangi rahbari qo‘g‘irchoq va qo‘rqoq»
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eronning yangi oliy rahbari Mo‘jtabo Xomanaiyni keskin haqorat qilib, Eron xalqini tez orada qo‘zg‘olon ko‘tarishga chaqirdi.

Isroil televideniyesining «9-kanali» xabariga ko‘ra, Netanyahu Eronning sobiq rahbari yo‘q qilinganini, yangi rahbar esa Islom inqilobi muhofizlari korpusining (IIMK) qo‘g‘irchog‘i ekanini va xalqqa ko‘rinish berishga qo‘rqayotganini ta’kidladi.
Isroil bosh vaziri Eron xalqiga ko‘chaga chiqish fursati yaqinlashganini aytdi:
«Biz siz bilan birgamiz, sizni qo‘llab-quvvatlaymiz, lekin hammasi faqat o‘z qo‘lingizda», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, urushdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Eronning yadroviy va raketa dasturlariga halokatli zarba berish hamda xalq rejimni ag‘darishi uchun sharoit yaratishdir.
Tramp bilan munosabatlar haqida
Netanyahu Donald Tramp bilan aloqalarini yuqori baholadi: «Bizning Tramp bilan munosabatlarimiz o‘tmishdagi har qanday AQSH prezidenti bilan bo‘lgan munosabatlardan yuz barobar kuchliroq». U bu ittifoq Isroilning mintaqaviy maqsadlariga erishishda asosiy omil ekanini ta’kidladi.
«Hizbulloh» va xavfsizlik
Bosh vazir Isroil shimolidagi vaziyat murakkabligini tan oldi, biroq «Hizbulloh» Isroil qudratidan qo‘rqayotganini va qilgan tajovuzi uchun yuqori narx to‘lashini bildirdi. Netanyahu Isroil fuqarolarini harbiy qo‘mondonlik ko‘rsatmalariga amal qilayotganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.





