Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun yangi xizmat joriy etiladi

Бугун 11:402 дақиқа

Hukumat qarori bilan nogironligi belgilangan va rivojlanishida xavf mavjud bo‘lgan bolalar uchun «Erta aralashuv» xizmati tartibi tasdiqlandi.

Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun yangi xizmat joriy etiladi © Javhar Chorshanbiyeva

Hukumatning yangi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda «Erta aralashuv» xizmati ko‘rsatish tartibi rasman tasdiqlandi. Yangi tizim nogironligi belgilangan yoki rivojlanishida orqada qolish xavfi mavjud bo‘lgan bolalarga erta bosqichda yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

Mazkur qaror bolalarning sog‘lig‘i va rivojlanishidagi muammolarni ilk bosqichda aniqlash hamda ularga o‘z vaqtida ijtimoiy va tibbiy ko‘mak berish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Hujjatga ko‘ra, xizmatdan foydalanuvchilar toifasi aniq belgilab berilgan va murojaat qilish hamda xizmat ko‘rsatishning bosqichma-bosqich mexanizmi ishlab chiqilgan.

Kimlar qamrab olinadi?

Qarorga muvofiq, xizmat tug‘ilganidan 3 yoshgacha bo‘lgan va belgilangan tashxislar asosida nogironligi tasdiqlangan bolalarga ko‘rsatiladi.

Shuningdek, oilaviy shifokor tomonidan rivojlanishida orqada qolish xavfi mavjudligi haqida xulosa berilgan 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar ham xizmatdan foydalanishi mumkin.

Bundan tashqari, 1–3 yosh oralig‘idagi hamda rivojlanishida xavf belgilari aniqlangan bolalar ham tizimga kiritiladi.

Murojaat tartibi qanday?

Ota-onalar xizmatdan foydalanish uchun «Inson» markazlari, Davlat xizmatlari markazlari, YAIDXP yoki «Ijtimoiy karta» ilovasi orqali murojaat qilishi mumkin.

So‘rovnoma tasdiqlanganidan keyin bir ish kuni ichida elektron vaucher shakllantiriladi. Vaucher rasmiylashtirilganidan so‘ng ota-onalar 30 kun ichida undan foydalanishni boshlashi kerak.

Nodavlat tashkilot buyurtmani qabul qilgach, 10 ish kuni davomida ota-onalar bilan birga bolaning individual erta aralashuv rejasi ishlab chiqiladi. Xizmat haftasiga olti kun, soat 08:00–18:00 oralig‘ida ko‘rsatiladi va xarajatlar subsidiya asosida qoplanadi.

Теглар

Мавзуга оид