Noqonuniy uy qurgan qurilish kompaniyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
«New Port» turarjoy majmuasi mansabdor shaxslari tomonidan uyi buzilgan fuqarolarga kompensatsiya to‘lanmayotgani holati o‘rganib chiqildi. Tekshiruv davomida uylar o‘zboshimchalik bilan buzilgani va to‘rtta ko‘p qavatli turarjoy binosi tegishli ruxsatnomasiz qurilgani aniqlandi.
© Toshkent shahr hokimligiToshkent shahar prokuraturasi «Nyew Port» turarjoy majmuasi bilan bog‘liq holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalari haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 2-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Yakkasaroy tumani, «Damariq» MFY, A.Qahhor ko‘chasidagi 19-uy aholisiga kompensatsiya mablag‘lari to‘liq to‘lanmayotgani hamda uy noqonuniy buzilayotgani haqida tarqalgan videolar o‘rganilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida «Mega Logistics Servise» MCHJ mansabdor shaxslari majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari to‘liq yakunlanmaganiga qaramasdan, mazkur uyni o‘zboshimchalik bilan buzib tashlagani aniqlangan.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ushbu harakatlar fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qilgan bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan holat yuzasidan jinoyat-protsessual tartibda surishtiruv ishlari boshlangan.
Ruxsatsiz qurilish
Tekshiruv davomida yana bir qator qonunbuzilishlar ham fosh etilgan. Xususan, qurilish ishlari uchun tegishli ruxsatnomalar rasmiylashtirilmasdan turib, mazkur hududda bir nechta ko‘p qavatli turarjoy binolari qad rostlagani ma’lum bo‘ldi.
Prokuraturaga ko‘ra, gap bitta 20 qavatli, ikkita 19 qavatli, bitta 12 qavatli hamda bitta 2 qavatli turarjoy binolari haqida bormoqda. Ularning barchasi belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan qurilgani qayd etildi.
Bu holat qurilish sohasidagi nazorat va shaharsozlik talablariga rioya qilinishi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.
Tergov davom etmoqda
Tekshiruv natijalariga asosan «Mega Logistics Servise» MCHJ mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Prokuraturaning ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat ishi alohida nazoratga olingan. Tergov yakunlari bo‘yicha qonun talablariga muvofiq huquqiy baho berilishi va tegishli qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 30-iyul kuni Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi «Lolazor» mahallasiga tashrif buyurib, qurilishlar tufayli umumiy hovlilar, bolalar va sport maydonchalari yo‘q qilinishi tanqid qilgandi.
Uning ta’kidlashicha, Bosh prokuraturaga Toshkent shahri bo‘yicha shunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish, qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari hamda aholi huquqlariga rioya etilganini tekshirish topshirilgan.





