Notariuslar eskrou mablag‘ini onlayn tekshiradi

Ko‘chmas mulk va transport oldi-sotdisida eskrou hisobvaraq mablag‘i real vaqtda notariuslar tomonidan tekshiriladi.

Notariuslar eskrou mablag‘ini onlayn tekshiradi

Ko‘chmas mulk va ayrim toifadagi transport vositalari oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblarni shaffof va xavfsiz amalga oshirish uchun notariuslar eskrou hisobvaraqdagi mablag‘ni real vaqtda tekshirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu tartibni joriy etishni nazarda tutuvchi Nizom loyihasi ishlab chiqildi.

Notariuslar va banklar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Hujjatga ko‘ra, ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga o‘n yildan oshmagan M, N, O va G toifadagi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalari bo‘yicha hisob-kitoblar elektron ma’lumot almashinuvi asosida amalga oshiriladi. Bu orqali notariuslar va banklar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqamli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Taraflar kelishuvga erishgach, xaridor yoki uning vakili bankka murojaat qilib, alohida eskrou hisobvarag‘i ochadi va shartnoma summasini ushbu hisobvaraqqa kiritadi. Har bir shartnoma uchun faqat bitta eskrou hisobvarag‘i ochilishi belgilangan.

Shartnomani tasdiqlashdan avval notarius avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali bankka elektron so‘rov yuboradi. Bank esa eskrou hisobvaraqda shartnoma summasiga teng mablag‘ mavjud yoki yo‘qligi haqida javob qaytaradi. Agar hisobvaraq yopilgan yoki mablag‘ yetarli bo‘lmasa, shartnoma tasdiqlanmaydi.

Shartnoma tasdiqlanganidan so‘ng notarius bu haqda bankka elektron ma’lumot yuboradi va bank mablag‘ni avtomatik ravishda sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkazadi. Agar shartnoma tasdiqlanmasa, xaridor murojaati asosida mablag‘ qaytariladi.

Nizom talablari ijrosi ustidan Adliya vazirligi hamda Markaziy bank monitoring olib boradi.

Теглар

Мавзуга оид