«Nvidia» bu yil koinotda bitkoin mayningi boshlashni rejalashtirmoqda

10.03.2026 | 18:003 дақиқа

Koinotda bitkoin mayningi kelajakda juda katta sanoatga aylanishi, uzoq muddatli istiqbolda kriptovalyuta qazib olishni Yerda amalga oshirish iqtisodiy jihatdan ma’nosiz bo‘lib qolishi prognoz qilinmoqda.

«Nvidia» bu yil koinotda bitkoin mayningi boshlashni rejalashtirmoqda

«Nvidia» qo‘llab-quvvatlayotgan «Starcloud» kompaniyasi joriy yilning o‘zidayoq koinotda bitkoin qazib olishni boshlash niyatida – bu uning ikkinchi kosmik apparati orbitaga chiqarilganida amalga oshirilishi kutilmoqda. Startap rahbari Filip Jonston «X» ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, «Starcloud» Yerdan tashqarida bitkoin qazib oladigan birinchi kompaniyaga aylanadi.

ASIC va GPU: iqtisodiy hisob-kitob hal qiluvchi

Jonstonning aytishicha, ASIC-maynerlarni koinotga joylashtirish orbital hisoblash quvvatlaridan foydalanishning «eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri». Asosiy dalil – energiya sarfiga nisbatan uskuna narxi.

«GPU» kilovatt quvvat hisobida «ASIC»dan taxminan 30 barobar qimmat. 1 kilovatt quvvatga ega «Nvidia B200» chipi taxminan 30 ming dollar turadi. 1 kilovattlik «ASIC» esa taxminan 1000 dollar», – dedi u.

Jonstonning fikricha, koinotda bitkoin mayningi kelajakda «juda katta sanoat»ga aylanadi. Uning hisoblashicha, uzoq muddatli istiqbolda kriptovalyuta qazib olishni Yerda amalga oshirish iqtisodiy jihatdan ma’nosiz bo‘lib qoladi.

«Bitkoin mayningi doimiy ravishda taxminan 20 gigavatt quvvat sarflaydi. Buni Yerda qilish samarasiz, oxir-oqibat bu faoliyatning barchasi koinotga ko‘chadi», – dedi u.

Orbitadan Marsgacha

«Starcloud» 2024-yil boshida sun’iy intellektning o‘sib borayotgan energiya ehtiyojlariga javob sifatida kosmik data-markazlar yaratish maqsadida tashkil etilgan. 2025-yil noyabrida kompaniya orbitaga «NVIDIA H100» grafik protsessori o‘rnatilgan sun’iy yo‘ldoshni chiqardi – bu shunday kuchli «GPU»ning koinotda birinchi marta ishlatilishi hisoblanadi.

«Starcloud» orbital infratuzilmasi taxminan 88 mingta sun’iy yo‘ldoshdan iborat bo‘lib, asosan quyosh energiyasida ishlaydi.

Shu bilan birga, ayrim tadbirkorlar sayyoralar o‘rtasidagi tranzaksiyalar haqida ham o‘ylamoqda. Texnologlar Xose va Karlos Puerte o‘tgan yil sentabrda nazariy jihatdan bitkoinni Marsga uch daqiqadan kam vaqt ichida yuborish mumkinligini aytgan. Buning uchun «NASA»ning optik aloqa kanali yoki «Starlink» tarmog‘i va yangi sayyoralararo vaqt belgilash tizimi ishlatilishi mumkin.

Tranzaksiya kosmik retranslyatorlar – antennalar, sputniklar yoki Oy yaqinidagi uzel orqali amalga oshiriladi. Biroq g‘oya mualliflari Marsning o‘zida bitkoin mayningini maqsadga muvofiq deb hisoblamaydi, chunki sayyoralar orasidagi signal kechikishi juda katta.

Kosmik loyihalar rivojlanayotgan bir paytda, Yerdagi maynerlar qiyin sharoitlarda ishlamoqda. Bitkoin narxi 6-oktabrda qayd etilgan 126 080 dollarlik tarixiy maksimumdan qariyb 48 foizga tushib ketgan. Shu bilan birga, bitkoin mayningi qiyinchiligi rekord darajalardan 7 foizga kamaygani amaldagi ishtirokchilar uchun sharoitni biroz yengillashtirdi.

Mayning qaday ishlaydi o‘zi?

Odatda mayning shunday bo‘ladi: kuchli komputer yoki maxsus uskuna ishlatiladi (ASIC yoki GPU). Komputer maxsus mayning dasturini ishga tushiradi. Komputer tarmoqdagi hisob-kitoblarni yechishga harakat qiladi. Agar to‘g‘ri javob topsa, kriptovalyuta bilan mukofot oladi.

Juda ko‘p komputerlar bir vaqtda hisob-kitob qilgani sababli jarayonda ko‘p elektr sarflanadi. Shuning uchun ham mayningni koinotga ko‘chirish haqida gaplar chiqmoqda. Koinotda quyosh energiyasi juda ko‘p, yerdagi kabi elektr muammosi yo‘q. Katta data-markazlar qurish mumkin. Shuning uchun ba’zi kompaniyalar mayningni orbitaga chiqarishni rejalashtirmoqda.

Теглар

Мавзуга оид