Oliy sud tarkibiga 10 nafar yangi sudya saylandi
Senatning navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekiston Oliy sudi tarkibiga 10 nafar sudya o‘n yillik muddatga saylandi.
© oliy majlisSenatning 16-yalpi majlisida qabul qilingan qarorga muvofiq, Akmaljon Alijonov, Dilfuza Dadajanova, Dilfuza Jo‘rayeva, O‘tkir Roziqov, Sardor Rahmatdinov, Muhiddin Sultonov, Jahongir Turdimurodov, Luiza Xolidova, Abdusaid Hojiyev va Marat Ergashev O‘zbekiston Oliy sudining sudyasi lavozimiga o‘n yillik muddatga saylandi.
Yangi sudyalar fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda faoliyat yuritgan tajribali huquqshunoslar hisoblanadi. Ular orasida viloyat sudlari sudyalari, tumanlararo sudlar raislari va ma’muriy sudlar vakillari bor.
Tayinlangan sudyalarning aksariyati so‘nggi yillarda Andijon, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Namangan, Xorazm va Samarqand viloyatlaridagi sud organlarida rahbarlik va sudyalik lavozimlarida ishlab kelgan.
Saylangan nomzodlar orasida eng katta sudyalik staji O‘tkir Roziqovga tegishli bo‘lib, u 13 yillik tajribaga ega. Shuningdek, Muhiddin Sultonov va Marat Ergashevning sudyalik staji 11 yilni tashkil etadi.
Akmaljon Alijonov, Dilfuza Dadajanova, Dilfuza Jo‘rayeva, Jahongir Turdimurodov va Luiza Xolidova 8–9 yillik tajribaga ega bo‘lsa, Sardor Rahmatdinov hamda Abdusaid Hojiyev 7 yillik sudyalik faoliyatini olib borgan.
Nomzodlarning barchasi oliy ma’lumotli huquqshunoslar bo‘lib, sud tizimining turli bo‘g‘inlarida ishlagan. Ular fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda tajriba to‘plagan.





