Logo

Olmazorda qurilish kotlovani o‘pirilib tushdi: jabrlanganlar yo‘q

Бугун 21:102 дақиқа

Toshkentning Olmazor tumanida qurilish kotlovanining bir qismi o‘pirildi. Hokimlik hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qildi hamda qurilish me’yorlarini buzgan shaxslarga huquqiy baho berilishini bildirdi.

Olmazorda qurilish kotlovani o‘pirilib tushdi: jabrlanganlar yo‘q © Toshkent shahar hokimligi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Orzu massivida ko‘p qavatli uy yaqinida joylashgan qurilish kotlovanining bir qismi o‘pirilib tushgani aks etgan videolar tarqaldi.

Tarqalgan xabarlarda hodisa oqibatida asfaltning bir qismi o‘pirilgani, uning ostida katta bo‘shliq hosil bo‘lgani va bu yo‘lning yanada cho‘kib ketishi xavfini yuzaga keltirgani aytilmoqda.

Shuningdek, elektr kabeli shikastlanib, yong‘in yuzaga kelgani va hudud bir muddat elektr ta’minotisiz qolgani haqida ham xabarlar tarqaldi. Videolarda qurilish maydonidagi ayrim ishchilarga tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini ham ko‘rish mumkin.

rasm

Hokimlik izohi

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati hodisa yuzasidan munosabat bildirib, ayni vaqtda hodisa oqibatida jabrlanganlar hamda tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlar yo‘qligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, vaziyat shahar hokimi nazoratiga olingan.

Uning topshirig‘iga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari hamda Olmazor tumani hokimligi vakillaridan iborat tezkor maxsus komissiya tuzilgan.

Hozirda voqea joyida xavfli hudud o‘rab olingan, unga kirish cheklangan va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birlamchi choralar ko‘rilmoqda.

photo_2026-08-02_21-28-27

Mutaxassislar hodisa sabablari, yondosh hudud, yo‘l qoplamasi hamda muhandislik kommunikatsiyalarining holatini o‘rganmoqda.

Mas’ullarga huquqiy baho beriladi

Hokimlik ma’lum qilishicha, tekshiruv yakunlari bo‘yicha mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.

«Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablari va qurilish me’yorlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan barcha shaxslar, shubhasiz, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi», — deyiladi rasmiy munosabatda.

Shuningdek, shahar hokimligi tezkor ravishda ma’lumot yetkazgan fuqarolarga minnatdorlik bildirib, barcha qurilish ishlari ishtirokchilarini xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

Iyul oyi boshida Toshkentning Sergeli tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joyda jiddiy qoidabuzarliklar aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, sifatsiz temir-beton konstruksiyalar sabab qurilish-montaj ishlari to‘xtatilib, loyiha talablariga mos bo‘lmagan qismlarni buzilgan.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ma’lum qilishicha, Toshkent shahrida qurilish obyektlarida kuchaytirilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda. Bunday tekshiruvlar orqali qurilish sifati, texnika xavfsizligi va fuqarolar hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarning oldini olish maqsad qilingan.

Теглар

Мавзуга оид