Logo

Olmazordagi «kotlovan» o‘pirilishi. Voqea joyidan reportaj

Бугун 19:102 дақиқа

Kuni kecha, 2-avgust kuni poytaxtning Olmazor tumani Beruniy ko‘chasida 9 qavatli uy yonida mehmonxona qurish uchun qazilgan «kotlovan» cheti o‘pirildi. Buni aks ettiruvchi videolar ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqaldi. Hodisa Orzu massivi, uchinchi uy manzilida joylashgan qurilish obyektida yuz bergan. Vaqt.uz muxbiri mazkur hodisa tafsilotlarini o‘rganish uchun voqea joyiga yetib bordi va u yerdagi aholiga mikrofon bilan yuzlandi.

Mazkur hududda ko‘p qavatli xonadonlar va mehmonxona qurilishi rejalashtirilgani aytilmoqda. Qolaversa, Olmazor tumani Orzu mahallasidagi qurilish obyektiga tutash hududda yashovchi aholining aytishicha, ular mazkur qurilishdan norozi bo‘lib, bir necha bor tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan. Shuningdek, mazkur hududda yashovchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, hodisadan so‘ng ularning yashash xonadonlarida uzoq vaqtgacha elektr va suv bo‘lmagan.

Yana bir fuqaroga ko‘ra, ushbu qurilish obyektiga tutash hududda maktab ham bor va u yerda tahsil oladigan o‘quvchilar maktabga kelib-ketishida ham bu qurilish xavf tug‘dirishi mumkin.

Xo‘sh, mazkur holatga hokimlik nima dedi?

Hodisa sodir bo‘lganidan so‘ng, Olmazor tuman hokimligi munosabat bildirdi. Hokimlikka ko‘ra, vaziyat Toshkent shahar hokimining nazoratiga olingan bo‘lib, uning topshirig‘iga binoan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari, Olmazor tumani hokimligi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida tezkor maxsus komissiya tuzilgan.

Tuman hokimligi vaziyatga munosabat bildirar ekan, hodisa oqibatida jabrlanganlar va tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlar yo‘qligini bildirgan. Ammo poytaxt hokimligi buning aksini aytyapti. Tuman hokimligining munosabatidan bir necha soat o‘tib poytaxt hokimligi hodisa oqibatida bir fuqaro jabrlanganini tasdiqladi. Unga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

MCHJ mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Ushbu hodisa ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ham ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Vaqt.uz muxbiriga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, ushbu qurilishga aloqador MCHJ mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 192-11-moddasida (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangan. Hozirda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shamsutdinovning qo‘shimcha qilishicha, hodisa oqibatida 1 kishi jarohat olgan. Ayni paytda u shifoxonada davolanmoqda.

Теглар

Озодбек Абдумўминов

Озодбек АбдумўминовМақолалар сони: 10

Барчаси

Мавзуга оид