Logo

Oltin $4 400ga yaqinlashdi: narxga nimalar ta’sir qilmoqda?

Кеча 22:302 дақиқа

Jahon bozorida oltin narxi 18-sentabr kuni bir haftalik yuqori darajaga ko‘tarildi.

Oltin $4 400ga yaqinlashdi: narxga nimalar ta’sir qilmoqda? © Foto: tvrgomel.by

Juma, 18 senyabr kuni spot oltin narxi sessiya davomida $4 378,97 gacha ko‘tarildi. AQSH oltin fyucherslari esa $4 418,50 atrofida bo‘ldi. Shu bilan oltin ikkinchi savdo sessiyasi ketma-ket qimmatlashib, bir haftalik eng yuqori darajaga chiqdi.

Oltin narxi hafta davomida ham 0,6 foizga oshgan. Bu metall uchun to‘rt hafta ichidagi birinchi haftalik o‘sish bo‘lishi kutilmoqda.

Neft arzonlashi oltinga yordam berdi

Bozordagi asosiy omillardan biri — neft narxining pasayishi bo‘ldi. Brent neft narxi 18-sentabr kuni uchinchi kun ketma-ket tushdi.
Bunda Saudiya Arabistonida neft ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha xavotirlarning biroz kamayishi muhim rol o‘ynagan.

Neft narxining pasayishi esa energiya xarajatlari orqali inflatsiyaning yanada kuchayishi xavfini yumshatadi.

AQSHda stavka oshirilganiga qaramay, oltin o‘sdi

AQSH Federal zaxira tizimi 16-sentabr kuni asosiy foiz stavkasini 0,25 foiz bandga oshirib, 3,75–4 foiz oralig‘iga olib chiqdi. Bu FRTning uch yil ichidagi birinchi stavka oshirishi bo‘ldi. Markaziy bank kelgusida ham stavkalarni oshirishi mumkinligiga ishora qildi.

Odatda yuqori foiz stavkalari oltin uchun salbiy omil hisoblanadi. Chunki oltin foiz daromadi keltirmaydi, yuqori stavkalar esa obligatsiya kabi daromadli aktivlarni jozibadorroq qiladi.

Biroq bu safar oltin narxi stavka oshirilganidan keyingi dastlabki pasayishdan so‘ng qayta tiklandi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, investorlar avval stavka oshishini kutib oltin bo‘yicha ochgan qisqa pozitsiyalarini yopa boshlagan.

Dollar ham oltin o‘sishini cheklamoqda

Oltin narxi dollarda belgilangani uchun AQSH valutasining qimmatlashi boshqa valutalardagi investorlar uchun oltinni qimmatlashtiradi.
18-sentabr kuni dollar yetti haftadan ortiq vaqtdagi yuqori darajaga yaqinlashgan. Shu sababli oltinning o‘sishi cheklangan.

Ayni paytda bozor ishtirokchilari FRTning keyingi qarorlarini ham kuzatmoqda. CME FedWatch ma’lumotlariga ko‘ra, bozor oktabr yig‘ilishida yana 0,25 foiz bandlik stavka oshirilishi ehtimolini 58 foiz deb baholamoqda.

Yaponiya ham stavkani oshirdi
18-sentabr kuni Yaponiya Markaziy banki ham asosiy stavkasini 1 foizdan 1,25 foizga oshirdi. Bu Yaponiyadagi stavkaning 31 yildagi eng yuqori darajasi bo‘ldi.
Bank inflatsiya bosimi saqlanib qolayotgan sharoitda pul-kredit siyosatini yana qat’iylashtirish imkoniyatini ochiq qoldirdi.

Shu tariqa, jahon oltin bozorida bir vaqtning o‘zida bir-biriga qarama-qarshi omillar ishlamoqda: yuqori foiz stavkalari va kuchli dollar oltinga bosim qilmoqda, neft narxining pasayishi va inflatsiya xavfining yumshashi esa uni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Hozir bozorda oltin uchun $4 400–4 440 oralig‘i muhim daraja sifatida qaralmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 18 sentyab holatiga ko‘ra, oltinning spot narxi $4 379 atrofida, AQSH fyucherslari esa $4 419 yaqinida bo‘lgan.

Теглар

Мавзуга оид