Oltin bozori: yanvar oyida kim qancha oltin sotib oldi?

O‘zbekiston yanvar oyida dunyoda eng ko‘p oltin sotib olgan davlat bo‘ldi. Rossiya esa 9 tonna oltin sotib, eng yirik sotuvchiga aylandi.

Oltin bozori: yanvar oyida kim qancha oltin sotib oldi?

O‘zbekiston Markaziy banki yanvar oyida 9 tonna oltin sotib olib, dunyodagi eng yirik xaridorga aylandi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) xabar berdi

Yanvar oyida markaziy banklar sof hisobda 5 tonna oltin xarid qilgan. Bu ko‘rsatkich yil boshida xaridlar sur’ati pasayganini ko‘rsatadi. Taqqoslash uchun, 2025 yilda oylik o‘rtacha xaridlar 27 tonnani tashkil etgan edi.

Oltin sotib olgan davlatlar

Xaridlar asosan Markaziy va Sharqiy Osiyo markaziy banklari tomonidan amalga oshirildi. Shuningdek, Sharqiy Yevropa mamlakatlari ham zaxiralarini oshirdi.

O‘zbekiston Markaziy banki oktabrdan buyon davom etayotgan xaridlar seriyasini davom ettirib, yanvar oyida 9 tonna oltin sotib oldi. Natijada mamlakatning oltin zaxiralari 399 tonnaga yetdi. 

O‘zbekistonda oltin ulushi 2020 yilda umumiy zaxiralarning 57 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yil yanvar holatiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 86 foizga yetdi.

2018 yildan beri birinchi marta oltin zaxiralarini 3 tonnaga oshirgan Malayziya markaziy banki yanvar oyida eng ko‘p oltin xarid qilgan ikkinchi mamlakat bo‘ldi. Shu bilan mamlakatning oltin zaxiralari 42 tonnaga yetib, umumiy zaxiralarning 5 foizini tashkil qildi.

Yanvar oyida oltin xarid qilgan boshqa markaziy banklar qatoriga Chexiya (2 tonna), Indoneziya (2 tonna), Xitoy (1 tonna) va Serbiya (1 tonna) kiradi.

photo_2026-03-04_14-05-55

Oltin sotgan davlatlar

Rossiya Markaziy banki yanvar oyida 9 tonna oltin sotib, eng yirik sotuvchi bo‘ldi. Undan keyin Bolgariya Milliy banki 2 tonna oltin sotdi. Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasi ham har biri oltin zaxiralarini 1 tonnadan kamaytirdi.

Dunyoda oltin narxining keskin o‘sishi fonida O‘zbekiston Markaziy banki yanvar oyida hech qancha oltin sotmadi. Ma’lumot o‘rnida, mamlakat uch yildan beri yanvarda oltin sotuvini amalga oshirmayapti. Tahlilchilar fikrlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki jahonda sodir bo‘layotgan geosiyosiy muammolar sabab oltin narxi kelajakda bundan ham oshishi mumkinligiga ishonmoqda.

Ma’lumot uchun: 2025 yil davomida O‘zbekiston 7,8 tonna oltin xarid qildi. 2020–2025 yillar oralig‘ida esa jami 54,4 tonna qimmatbaho metall sotib olgan. Hozirda mamlakat 64,98 mlrd dollarlik oltin zaxiralari bilan dunyoda 14-o‘rinda turadi

Теглар

Мавзуга оид