O‘qishni ko‘chirishda sertifikatli talabalarga maksimal ball beriladi
Endi o‘qishini ko‘chirayotgan sertifikatli talabalar qo‘shimcha imtiyozga ega bo‘ladi. Yangi tartib ularga maksimal yoki tabaqalashtirilgan ball olish imkonini beradi.

Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv yili o‘z nihoyasiga yetib, talabalar yozgi ta’tilga chiqdi. Bu esa, o‘z navbatida, talabalar va ularning ota-onalari o‘rtasida o‘qishni bir OTMdan boshqasiga ko‘chirish masalasini yana kun tartibiga olib chiqmoqda. So‘nggi vaqtlarda "Vaqt.uz" tahririyatiga mazkur jarayonning tartib-qoidalariga oid ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Shu bois, jamoatchilikni qiziqtirayotgan savollarga oydinlik kiritish maqsadida tahririyat muxbiri Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Azim bilan bog‘lanib, bu yilgi o‘qishni ko‘chirish mavsumidagi asosiy o‘zgarishlar yuzasidan izoh oldi.
Vazirlik vakilining ma’lum qilishicha, hukumatning 2026 yil 11-iyundagi 299-son qarori bilan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat oliy ta’lim tashkilotlariga talabalar o‘qishini ko‘chirish tartibini belgilovchi yangi ma’muriy reglament tasdiqlangan.
Sertifikatli talabalar qanday imtiyozga ega bo‘ladi?
Yangi tartibga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish jarayonida chet tili hamda umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabalar uchun alohida imtiyoz joriy etiladi. Endilikda bunday sertifikat egalari tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu tizimni amaliyotga to‘liq joriy etish vazifasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuklatilgan.
Vakolatli organ va ariza topshirish tartibi Reglamentga muvofiq, o‘qishni ko‘chirish borasida vakolatli davlat organi etib Bilim va malakalarni baholash agentligi belgilandi. Agentlik arizalarni qabul qilish va natijalarni e’lon qilish jarayonlarini to‘liq muvofiqlashtiradi.
Talabalar har yili 15-iyuldan 5-avgustgacha o‘qishni ko‘chirish uchun ariza topshirishlari mumkin. Arizalar quyidagi platformalar orqali elektron tarzda qabul qilinadi:
· Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP);
· Agentlikning maxsus elektron platformasi;
· Davlat xizmatlari markazlari.
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar ishchi organ tomonidan 15-iyuldan 6-avgustgacha ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng arizani qabul qilish yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qilinib, talabaga YAIDXP yoki maxsus platforma orqali elektron xabarnoma yuboriladi.
Arizani rad etish asoslari
Reglamentga ko‘ra, quyidagi holatlarda arizalar rad etilishi mumkin:
· Zarur hujjatlar yoki ma’lumotlar to‘liq taqdim etilmaganda;
· Arizada noto‘g‘ri yoki soxtalashtirilgan ma’lumotlar aniqlanganda;
· Belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganda.
Imtihon natijalarini e’lon qilish O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha imtihon natijalari QR-kod shaklida rasmiylashtiriladi. Ushbu natijalar imtihonlar yakunlanganidan keyin bir hafta ichida ariza beruvchilarga elektron tarzda yuboriladi.
Yangi reglament o‘qishni ko‘chirish jarayonini yanada shaffof va raqamlashtirilgan tizim asosida tashkil etish, shuningdek, xalqaro va milliy sertifikatlarga ega talabalarni rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ma’lumot uchun, avvalroq O‘zbekistonda talabalar soni so‘nggi besh yilda qariyb 1,5 millionga yetgani va bir yil davomida 102 mingta o‘sish qayd etilgani haqida xabar berilgan edi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,1 foizga ko‘p bo‘lib, mamlakatda oliy ta’lim qamrovi jadal kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Теглар

