O‘qituvchilarga imtiyoz: va’dalar nega qarorda qisqarib ketdi?

Бугун 19:445 дақиқа

Pedagoglarga va’da qilingan imtiyozlar qarorga kelganda keskin qisqarib, eng zarur xizmatlar ro‘yxatdan chetda qoldi. Bu holat jamoatchilikda jiddiy savollar uyg‘otmoqda.

O‘qituvchilarga imtiyoz: va’dalar nega qarorda qisqarib ketdi?

Davlat rahbari 2025-yil 15-sentabrda O‘qituvchilar kuni arafasida pedagoglar uchun bir qator imtiyozlarni 2026-yil yanvardan kuchga kirishini va’da qilgan edi.

Shuningdek, Prezidentning rasmiy tabrigida ham o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan imtiyozlar ro‘yxati alohida qayd etilgan edi. Biroq oradan to‘rt oy o‘tsa-da, vazirlik imtiyozni belgilaydigan normativ-huquqiy hujjat haqida so‘z ochmadi.

Vaqt.uz 2026-yil 5-fevral kuni allaqachon kuchga kirishi kerak bo‘lgan, ammo daragi noma’lum imtiyozlar haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga so‘rov yuborgan edi. O‘shanda vazirlik matbuot kotibi qarorni tayyorlash jarayoni davom etayotganini, qachon e’lon qilinishi bo‘yicha muddat aniq emasligini ma’lum qilgandi.

Oradan ikki oy o‘tib, ya’ni 16-aprelda Vazirlar Mahkamasining 175-son qarori bilan «kechikkan imtiyozlar» nihoyat e’lon qilindi. Ammo qarorga kelguncha imtiyozlar qisqarib qolgan.

Qarorga ko‘ra qanday imtiyozlar beriladi?

Vazirlar Mahkamasining 175-son qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, ta’lim tashkilotida mehnat shartnomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi pedagog shaxslar uchun ayrim davlat xizmatlari narxi xizmatlar umumiy qiymatining 50 foizini tashkil qilishi belgilandi:

  • ko‘chmas mulk obyektlarining davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari;

  • muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha davlat xizmatlari;

  • umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish bo‘yicha davlat xizmatlari;

  • traktorchi-mashinist guvohnomasini olish uchun imtihon topshirishga ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmatlari;

  • rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlari va boshqalar.

Bundan tashqari, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktorlari va direktor o‘rinbosarlari 5 yilda 1 marotaba ishdan ajralgan holda, Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil qilinadigan menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitilishi belgilandi.

Endi tabiiy savol tug‘iladi: na Prezident tabrigida, na topshirig‘ida «ayrim davlat xizmatlari» degan qism yo‘q edi. Kamiga va’da qilingan imtiyozlar faqat davlat xizmatlaridan iborat emas, ular orasida ipoteka va ta’lim krediti, pedagoglarning farzandlariga kontrakt to‘lashda chegirma, samolyot va poyezd chiptalariga chegirma berish masalalari ham bor edi.

Qanday imtiyozlar va’da qilingan edi?

1-oktabr — «Ustoz va murabbiylar kuni» munosabati bilan e’lon qilingan Prezident tabrigida quyidagilar qayd etilgan edi:

  • kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab berilishi;

  • davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma berilishi;

  • o‘qituvchilar uchun komputer xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishi;

  • pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi ikki karra kamaytirilishi;

  • boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat tizimi joriy qilinishi va unga ustama to‘lanishi;

  • imtiyozli diplom bilan ishga kirganlarga avtomatik malaka toifasi berilishi;

  • TOP-300 oliygohlarga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli kredit ajratilishi;

  • eng yaxshi ta’lim muassasalari pedagoglariga transport chiptalarida 15–20 foiz chegirma berilishi.

Nega imtiyozlar qisqardi?

Qaror e’lon qilingach, eng ko‘p e’tibor davlat xizmatlari qismiga qaratildi. Ma’lumki, va’dada barcha davlat xizmatlariga chegirma nazarda tutilgan bo‘lsa, amalda faqat 5 ta xizmat qamrab olingan. Kamiga, ro‘yxatda o‘qituvchilar uchun ahamiyati past yoki umuman dolzarb bo‘lmagan xizmatlar ham mavjud.

Masalan, nega aynan traktorchi-mashinist guvohnomasi uchun imtihon xizmati tanlangan? Yoki apostil qo‘yish xizmatlari ular hayotini qay darajada yengillashtiradi?

Shu bois ijtimoiy tarmoqlarda ham bu masala keskin tanqid va muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Vaqt.uz va’da qilingan imtiyozlar nima sababdan qisqargani, davlat xizmatlari ro‘yxati nega cheklangani hamda bu ro‘yxat kengaytirilishi rejalashtirilayotgani yuzasidan Adliya vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga rasmiy so‘rov yubordi. Agar vazirliklar masalaga oydinlik kiritsa, qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.

«O‘qituvchiga kelganda ariqdagi suv to‘xtab qolmasligi kerak»

«Avval iqtisod…» dasturining navbatdagi sonida iqtisodchi Otabek Bakirov o‘qituvchilar uchun joriy etilgan «imtiyozli» davlat xizmatlarining qisqarib qolgani yuzasidan fikr bildirdi.

Uning fikricha, taqdim etilgan chegirmalar o‘qituvchilarning kundalik ehtiyojlariga mos kelmaydi. Aksincha, ular kam foydalaniladigan yoki umuman zarur bo‘lmagan xizmatlarga qaratilgan. Natijada esa eng dolzarb va qimmat davlat xizmatlari imtiyozlar doirasidan chetda qolmoqda.

«Bu o‘qituvchilarni himoya qilish emas, ularning ustidan kulshdir. Tasavvur qiling, traktorchi-mashinist guvohnomasini olish uchun chegirma berilyapti. Qaysi o‘qituvchimiz traktorchi bo‘lishga boradi?» — deydi Bakirov.

Shuningdek, u imtiyozlar shakliy yondashuv asosida joriy etilganini, ya’ni amalda foydasi kam bo‘lgan xizmatlar ro‘yxatga qo‘shilganini qayd etdi.

«Eng qimmat va hayotiy zarur davlat xizmatlari chetda qolib, mutlaqo foydalanilmaydiganlari ro‘yxatga qo‘shilgan. «Galochka» uchun berdikmi — berdik, tamom. Bu bilan yakunlab bo‘lmaydi — davlat xizmatlarining tannarxi nega o‘qituvchining bir oylik maoshidan baland?» — deya qo‘shimcha qiladi u.

Avvalroq, iqtisodchi davlat xizmatlari narxi O‘zbekistonda juda qimmat ekanini misol bilan tushuntirib, o‘qituvchi arzon avtomobil sotib olgan taqdirda ham uni rasmiylashtirish uchun 4 million 800 ming so‘mgacha to‘lov qilishga majbur bo‘layotganini ​​qayd etgan edi. Agar e’lon qilingan imtiyozlar amal qilganida, bu xarajat qariyb ikki baravarga kamaygan bo‘lar edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilar bu imtiyozlarni talab qilishga to‘la haqli. Chunki gap marhamat yoki ehson haqida emas, balki yillar davomida qilingan mehnat uchun qaytarilishi kerak bo‘lgan haq haqida bormoqda.

«O‘qituvchilarga va’da qilingan imtiyozlar marhamat emas — bu yillar davomida qilingan mehnat uchun qaytarilishi kerak bo‘lgan haqdir. Agar bunday imtiyozlar boshqa soha vakillari uchun e’lon qilinganida, tegishli qarorlar allaqachon qabul qilingan bo‘lar edi», — dedi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Va’da va ijro o‘rtasidagi masofa

Umuman olganda, pedagoglarga beriladigan imtiyozlar shunchaki ijtimoiy yordam emas, balki yillar davomida qilingan mehnat uchun qaytarilishi lozim bo‘lgan haq. Afsuski, bugungi «kechikkan va qisqargan» imtiyozlar ro‘yxati soha vakillarining qadri va ehtiyojlaridan ancha uzoqda ekanini ko‘rsatmoqda. 

Agar o‘qituvchi traktor haydash uchun emas, balki munosib turmush kechirishi uchun ko‘mak kutayotgan bo‘lsa, mutasaddilar ro‘yxatni «bori bilan» emas, «keragi bilan» to‘ldirishlari shart. Axir, va’da qilingan 10 ta imtiyozning yarmi «muzlab», qolgan yarmi esa amalda ishlamaydigan shaklda qolishi nafaqat pedagoglarning ishonchiga, balki ta’lim islohotlarining nufuziga ham zarba bermaydimi?

Vaqt.uz vaziyatni kuzatishda davom etadi. Umid qilamizki, Adliya hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari jamoatchilik kutayotgan mantiqli va adolatli izohni taqdim etadi. Zero, o‘qituvchining qadri «galochka»lar bilan emas, uning hayotini haqiqatda yengillashtiradigan amaliy choralar bilan o‘lchanadi.

Теглар

Мавзуга оид