O‘qituvchilarga subsidiyaga ariza qabul qilish boshlandi

Бугун 13:562 дақиқа

Subsidiya miqdori maksimum 21,2 mln so‘mgacha bo‘lishi mumkin. O‘zi va turmush o‘rtog‘i nomida umuman uy-joy bo‘lmagan o‘qituvchilarga ustuvorlik beriladi.

O‘qituvchilarga subsidiyaga ariza qabul qilish boshlandi

Bugun, 2026-yil 20-aprel soat 14:00 dan boshlab oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega pedagoglarga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar uchun qabul ochildi. Vaqt.uz qanday qilib subsidiya olish va nimalarga e’tibor qaratish haqida tushuntiradi.

O‘qituvchilar uchun subsidiya Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevraldagi qarori bilan ajratilmoqda. Nizom bo‘yicha subsidiya ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning 25 foiz qismini qoplab berish uchun beriladi. 

Subsidiya bu davlat tomonidan ajratiladigan, qaytarilishi shart bo‘lmagan mablag‘ turi hisoblanadi. 

Ariza bo‘yicha barcha baholashlar, (staj, toifa, uy-joyi bor-yo‘qligi) subsidiya.idm.uz platformasida inson omilisiz amalga oshiriladi.

Bu yordamni olish uchun quyidagi usullar bor:

— Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish;

— myGov mobil ilovasi;

my.gov.uz portalida, mazkur havola orqali ariza topshirish.

Men mos kelamanmi? 

Dastur doirasida ajratilayotgan subsidiya uchun o‘qituvchilar kamida 15 yillik ish stajiga va oliy malaka toifasiga ega bo‘lishi lozim. Ariza topshirish vaqtida ariza beruvchi 60 yoshdan oshmagan bo‘lishi va nomida mamlakat bo‘yicha uy-joy bo‘lmasligi ham talab qilinadi. 

Nomzodlarning ballari hisoblanganda o‘z nomida va turmush o‘rtog‘i nomida uy-joyi umuman bo‘lmagan pedagoglarga birinchi navbatda ustuvorlik beriladi. 

Bu dastur uchun yiliga 200 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Agar arizalar juda ko‘payib ketsa, tizim ballar asosida eng muhtojlarni saralab oladi. 

Muhim: Agar ariza beruvchi boshqa subsidiya dasturlaridan foydalangan bo‘lsa yoki foydalanayotgan bo‘lsa, ushbu pedagogik yordamni olishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Subsidiya miqdori qancha bo‘ladi? 

Yuqorida ta’kidangandek, nizom bo‘yicha subsidiya ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi miqdorida bo‘lishi belgilangan. Bunda tartib faqat yangi uylar uchun beriladigan davlat ipoteka krediti uchun amal qiladi.

Davlat ipoteka krediti hozirda banklar orqali Toshkent shahrida maksimum 480 mln so‘mgacha, hududlarda 380 mln so‘mgacha ajratiladi. 

Subsidiya miqdorini bu formula orqali hisoblaymiz: SM = KM x 0,15 / 0,85 x 0,25

Bundan kelib chiqilsa, Toshkent shahrida ipoteka krediti uchun boshlang‘ich badal maksimum 84,7 mln so‘m bo‘lishi mumkin. 

Natijada, bu yordamning maksimum miqdori 21,2 mln so‘m bo‘ladi. Hududlarda esa bu ko‘rsatkich 16,8 mln so‘mni tashkil qiladi. 

Subsidiya miqdori bundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kredit miqdori va boshlang‘ich badalga bog‘liq tarzda hisoblanadi. 

Muhim: dastur uchun maksimum 200 mlrd so‘m ajratiladi. Bu degani, mablag‘lar taxminan 10 000 nafarga yaqin pedagogga yetishi mumkin. 

Shu bois ariza topshirishdan oldin barcha mezonlarga mos kelishini tekshirish, hujjatlarni to‘g‘ri tayyorlash va imkon qadar erta murojaat qilish muhim ahamiyat kasb qiladi.

Теглар

Мавзуга оид