Logo

Oshayotgan pensiya yoshi, uzayotgan ish staji, o‘zgarayotgan hisob-kitoblar: pensiya tizimida qanday yangiliklar kutilmoqda?

Бугун 14:435 дақиқа

O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha bir qator takliflar ishlab chiqildi. Pensiya yoshi va eng kam ish stajidan tortib, o‘zini o‘zi band qilganlar to‘lovigacha bo‘lgan tartib o‘zgarishi mumkin. Vaqt.uz barcha o‘zgarishlarni batafsil izohlaydi.

Oshayotgan pensiya yoshi, uzayotgan ish staji, o‘zgarayotgan hisob-kitoblar: pensiya tizimida qanday yangiliklar kutilmoqda? © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekiston pensiya tizimini isloh qilish arafasida, bu borada bir qator takliflar ishlab chiqilmoqda. Ularda pensiya hisoblash davrini uzaytirish, yuqori ish haqini ko‘proq inobatga olish, eng kam ish stajini oshirish, pensiya yoshini bosqichma-bosqich ko‘tarish va o‘zini o‘zi band qilganlarni tizimga kengroq jalb qilish nazarda tutilgan. Bu o‘zgarishlar nima uchun kerak va fuqarolar uchun nimani anglatadi?

Nega pensiya tizimini o‘zgartirish zarur?

Bugun O‘zbekistonda 4,3 mln nafar pensioner bor. Bir yilda o‘rtacha 316 ming kishiga pensiya tayinlanadi. O‘rtacha oylik pensiya 1,6 mln so‘mni tashkil etadi. So‘nggi 10 yilda pensiya miqdori 3,3 baravar oshgan.

Biroq pensionerlar sonining ko‘payishi bilan tizimning moliyaviy yuki ham ortib bormoqda. 2025-yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 56,1 trln so‘m, xarajatlari esa 77,2 trln so‘m bo‘lgan. Oradagi 21,1 trln so‘mlik defitsit davlat budjeti transfertlari hisobidan qoplangan.

Pensiya jamg‘armasiga davlat transfertlari 2022-yildagi 11,1 trln so‘mdan 2025-yilda 20,2 trln so‘mga yetgan. Prognozlarga ko‘ra, 2040 yilga borib bu ko‘rsatkich 91 trln so‘mga chiqishi mumkin.

Pensiya hisoblashda 5 yil emas, 20 yil inobatga olinadi

Amalda pensiya fuqaroning so‘nggi 10 yillik mehnat faoliyatidagi eng yaxshi 5 yilidagi ish haqi asosida hisoblanadi.

Taklif etilayotgan tartibda bu davr birdaniga emas, bosqichma-bosqich uzaytiriladi. Har yili bir yildan qo‘shib borilib, pensiya hisoblanadigan davr 5 yildan 20 yilgacha yetkaziladi.

Bu o‘zgarish fuqaroning pensiyasini mehnat faoliyatining qisqa bir davridagi ish haqiga emas, uzoqroq davrdagi daromadlariga bog‘lash imkonini beradi.

Shu bilan birga, pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi ham oshiriladi. Hozir bu miqdor 6 mln so‘m, ya’ni bazaviy miqdorning 12 baravari. Taklifda uni 13 baravarga — 6,6 mln so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Hozir ish haqi 6 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan fuqarolarga bir xil — 3,3 mln so‘m pensiya to‘lanishi qayd etilgan. Yangi tartib esa yuqori daromadning pensiya miqdorida ko‘proq aks etishiga imkon beradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu o‘zgarishlar natijasida har yili yangi tayinlanadigan pensiyalarning 8 foiziga ta’sir qiladi. Taxminan 25–30 ming nafar fuqaroning pensiyasi 277 ming so‘mgacha oshishi mumkin. Buning uchun har yili qo‘shimcha 110 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi.

O‘zini o‘zi band qilganlar ham pensiya tizimiga jalb etiladi

Yana bir muhim qismi — bugun pensiya tizimidan to‘liq foydalana olmayotgan o‘zini o‘zi band qilgan va norasmiy mehnat qilayotgan aholini qamrab olish. O‘zbekistonda 15,7 mln nafar iqtisodiy faol aholi bor. Shundan 8,6 mln nafari rasmiy band, 1,4 mln kishi xorijda ishlaydi, 4,9 mln kishi esa norasmiy band.

O‘zini o‘zi band qilganlar soni 2,9 mln nafarni tashkil etadi. Ularning 2025 yilda 860 ming nafari, ya’ni 30 foizi, ixtiyoriy ijtimoiy soliq to‘lagan.

Hozir o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yillik 412 ming so‘m ijtimoiy soliq to‘lasa, unga bir yillik ish staji hisoblanadi. Taklifda esa bu to‘lovni majburiy qilish va uni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish ko‘zda tutilmoqda.

To‘lov miqdori 2033 yilga borib 3 bazaviy hisoblash miqdori — 1,2 mln so‘mgacha oshirilishi rejalashtirilgan. To‘lovning 10 foizi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, rasmiy ishlamaydigan oila a’zolari uchun ham ixtiyoriy ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyati berilishi taklif qilinmoqda. Bunda jami 7 yilgacha to‘lov qilish, oyiga 152 ming so‘m yoki eng kam ish haqining 12 foizi — 271 ming so‘m miqdorida to‘lov qilish variantlari ko‘rsatilgan.

Pensiya uchun eng kam staj 7 yildan 15 yilga chiqadi

Hozir pensiya tayinlash uchun kamida 7 yil ish staji talab qilinadi.

Taklif etilayotgan islohotda bu ko‘rsatkich 8 yil davomida har yili bir yildan oshirilib, 15 yilga yetkaziladi.

Bu yerda asosiy maqsad — aholini rasmiy ishlashga va mehnat stajini shakllantirishga rag‘batlantirish.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ish staji 15 yildan kam bo‘lgan fuqarolarni rasmiy ishlashga jalb qilish natijasida 2031 yilda 16 ming, 2032 yilda 29 ming, 2034 yilda 38 ming nafar fuqaroni qamrab olish mumkin.

Pensiya yoshi ham oshiriladi

Islohotning eng ko‘p muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan qismi — pensiya yoshini o‘zgartirish. Taqdimotda bu taklif aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ortib borayotgani bilan izohlangan. Erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1993 yilda 65 yosh bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda 73 yosh, 2040 yilda 75 yosh bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Ayollarda bu ko‘rsatkich mos ravishda 70, 77 va 81 yoshni tashkil etadi.

Shu bilan birga, pensiya olish davri ham uzaymoqda. Erkaklarda bu davr 1993 yildagi 5 yildan 2025 yilda 13 yilga, 2040 yilda 15 yilga yetishi kutilmoqda. Ayollarda esa 15 yildan 22 yilga, keyinchalik 26 yilga oshishi prognoz qilingan.

Shu sababli pensiya va nafaqa yoshini birdaniga emas, har yili 3 oydan bosqichma-bosqich oshirish taklif etilmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, erkaklar uchun amaldagi 60 yoshlik pensiya yoshi 2038 yilga borib 63 yoshga, ayollar uchun 55 yoshlik pensiya yoshi 2058 yilga borib 63 yoshga yetkazilishi mumkin.

Nafaqa yoshi ham erkaklarda 65 yoshdan 68 yoshga, ayollarda 60 yoshdan 68 yoshga oshirilishi taklif qilinmoqda.

Pensiyaga kechroq chiqsa, to‘lov ham yuqoriroq bo‘ladi

Yangi yondashuvda fuqaroning pensiyaga chiqishni kechiktirishi ham rag‘batlantiriladi.

Agar pensiyaga chiqish 6 oyga kechiktirilsa, pensiya hisobida inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi 7,1 mln so‘m, 12 oyga kechiktirilsa, 7,6 mln so‘m bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Umuman, takliflar amalga oshirilsa, pensiya miqdori 8–15 foizga oshishi kutilmoqda.

Pensiya jamg‘armasining vazifasi ham o‘zgaradi

Islohot faqat pensiya olish shartlariga emas, tizimning o‘zi qanday moliyalashtirilishiga ham daxl qiladi. 2025 yilda Pensiya jamg‘armasi zimmasiga tushgan, ijtimoiy soliq bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar 21 trln so‘mni tashkil etgan. Ular orasida bola parvarishi, harbiy xizmat, oliy ta’lim davri, ustama va qo‘shimchalar hamda minimal iste’mol xarajatlari bilan bog‘liq to‘lovlar bor.

Taklifga ko‘ra, bunday xarajatlarning bir qismi Pensiya jamg‘armasidan respublika budjetiga o‘tkaziladi. Natijada Pensiya jamg‘armasi asosan pensiya to‘lovlarini moliyalashtirishga ixtisoslashadi.

Vazirlik taqdimotida Germaniya, Yaponiya, Shvetsiya va Rossiyada ham ayrim ijtimoiy xarajatlarni budjet hisobidan qoplash tajribasi borligi keltirilgan.

2027 yildan Pensiya jamg‘armasi budjeti balanslashtirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Islohotning asosiy savoli — adolat va barqarorlik o‘rtasidagi muvozanat

Takliflarning barchasini bir nuqtada birlashtirish mumkin: davlat pensiya tizimida ko‘proq rasmiy ishlash, ko‘proq staj to‘plash va pensiyani mehnat faoliyatiga yaqinroq bog‘lashni rag‘batlantirmoqchi.

Bir tomonda, yuqori ish haqi olgan fuqarolar uchun hisoblash chegarasi oshirilib, pensiyasi ko‘payishi mumkin. O‘zini o‘zi band qilganlarga esa ish stajini shakllantirish imkoniyati kengayadi.

Boshqa tomonda esa eng kam stajning 15 yilgacha oshirilishi va pensiya yoshining 63 yoshgacha ko‘tarilishi fuqarolardan mehnat bozorida uzoqroq qolishni talab qiladi.

Shuning uchun pensiya islohotining mohiyati faqat «pensiya yoshi oshadimi?» degan savol bilan cheklanmaydi. Asosiy masala — tizim kelgusi yillarda millionlab pensionerlarni qanday moliyalashtiradi va fuqaroning butun mehnat faoliyati uning kelajakdagi pensiyasida qay darajada aks etadi.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 199

Барчаси

Мавзуга оид