O‘tgan yili Toshkent metrosi orqali 286,8 million nafar yo‘lovchi tashilgan

11.03.2026 | 16:151 дақиқа

So‘nggi 25 yilda poytaxt metrosidan foydalanuvchilar soni qariyb 2,3 barobarga oshgan.

O‘tgan yili Toshkent metrosi orqali 286,8 million nafar yo‘lovchi tashilgan © Javhar Chorshanbiyeva

Toshkent metropolitenidan foydalanuvchilar soni so‘nggi yillarda keskin o‘sdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda metro orqali jami 286,8 million nafar yo‘lovchi tashilgan.

Bu ko‘rsatkich 2000 yilga nisbatan 161,1 million nafarga ko‘p. 2000 yilda poytaxt metrosidan 125,7 million nafar yo‘lovchi foydalangan edi. Shu tariqa 25 yil ichida metro xizmatidan foydalanuvchilar soni qariyb 2,3 barobarga oshgan.

Yillar davomida o‘zgargan dinamika

Statistikaga ko‘ra, 2000 yillar boshida metro yo‘lovchilari soni yuqori bo‘lgan. Biroq keyingi yillarda bu ko‘rsatkich pasayib borgan.

Xususan, 2000 yilda 125,7 million yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, 2006 yilga kelib bu raqam 69 millionga tushgan. Keyingi yillarda ham pasayish davom etib, 2015 yilda metro orqali tashilgan yo‘lovchilar soni 52,3 milliongacha kamaygan.

Pandemiyadan keyin tez tiklanish

2020 yilda pandemiya ta’siri sabab metro yo‘lovchilari soni keskin kamayib, 38,8 millionni tashkil etgan. Bu eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Biroq keyingi yillarda metro faoliyati bosqichma-bosqich tiklanib, yo‘lovchilar soni yana o‘sishni boshladi. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 101,8 millionga, 2022 yilda 136,7 millionga, 2023 yilda esa 172 millionga yetgan.

So‘nggi yillarda rekord ko‘rsatkich

2024 yilda metrodan foydalanganlar soni 270,3 million nafarga yetdi. 2025 yilda esa bu ko‘rsatkich yana o‘sib, 286,8 millionni tashkil etdi.

Теглар

Мавзуга оид