Logo

OTMlarga kirish test sinovlari yakunlandi, 25-iyuldan tanlovning ikkinchi bosqichi boshlanadi

Бугун 14:552 дақиқа

O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari yakunlandi. Imtihonlarda 610 mingdan ortiq abituriyent qatnashgan bo‘lsa, qoidalarni buzgan 70 nafardan ortiq abituriyent test jarayonidan chetlatildi.

OTMlarga kirish test sinovlari yakunlandi, 25-iyuldan tanlovning ikkinchi bosqichi boshlanadi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul test sinovlari yakunlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 14–23-iyul kunlari o‘tkazilgan test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan 664 ming 609 nafar abituriyentdan 610 ming nafardan ortig‘i qatnashgan.

Imtihon qoidalarini buzgan 70 nafardan ortiq abituriyent test sinovlaridan chetlatilgan.

23-iyul kuni bo‘lib o‘tgan test sinovlarining so‘nggi kunida esa rejalashtirilgan 45 ming 520 nafar abituriyentning deyarli barchasi imtihonda ishtirok etgan. Mazkur kunda qoidabuzarlik holatlari qayd etilmagan.

25-iyuldan tanlovning ikkinchi bosqichi boshlanadi

24-iyul kuni test sinovlarining 10-kun natijalari e’lon qilingach, abituriyentlar qabulning ikkinchi bosqichida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.

Ikkinchi bosqich 25-iyuldan 8-avgustga qadar davom etadi. Bu davrda abituriyentlar oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli hamda ustuvorliklarni tanlaydi.

Yakuniy mandat natijalari esa tanlovning ikkinchi bosqichi yakunlanganidan so‘ng bir hafta ichida e’lon qilinadi.

13 mingga yaqin abituriyent testdan ozod etildi

Joriy yilda oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun 677 ming 900 nafarga yaqin abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.

Shundan 451 ming 700 nafari joriy yil bitiruvchilari, 226 ming 200 nafari esa avvalgi yillarda maktab yoki kollejni tamomlagan abituriyentlardir.

Bundan tashqari, barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 ming 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod etilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri tanlov bosqichiga o‘tkazilgan.

Test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘ylab 64 ta yirik bino tayyorlangan bo‘lib, ular bir kunda qariyb 71 ming nafar abituriyentni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Avvalroq Ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlarini tasdiqlagandi. Unga ko‘ra, bakalavriat kunduzgi ta’lim shakliga 155 ming 852 nafar abituriyent qabul qilinadi.

Теглар

Мавзуга оид