O‘zbekiston 2026-yilda Rossiyadan rekord hajmda gaz sotib olishi mumkin
«Gazprom» 2025-yilda O‘zbekistonga 6,5 mlrd kub metr gaz eksport qildi. Bu 2024 yilgi ko‘rsatkichdan 15 foizga yuqori. 2026-yilda esa gaz importi 10 mlrd kub metrdan oshishi mumkin.

O‘zbekiston 2026-yilda Rossiyadan quvur orqali import qilinadigan tabiiy gaz hajmini keskin oshirishi mumkin.
Xalqaro energetika agentligi (XEA) gaz bozori bo‘yicha yangi hisobotida mamlakatga yetkazib beriladigan Rossiya gazi hajmi 2025 yildagi 7 mlrd kub metrdan 2026 yilda 10 mlrd kub metrdan oshishi kutilmoqda.
Hisobotda qayd etilishicha, Rossiya Qozog‘iston orqali «Markaziy Osiyo — Markaz» quvur tizimi orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni izchil kengaytirmoqda. Bu esa mamlakatning tashqi gaz ta’minotida Rossiya ulushi yanada ortishi mumkinligini anglatadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yakunlarida Rossiya va Turkmanistondan gaz importi qiymat jihatidan 1,2 foizga kamayib, 1,65 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Biroq Rossiyadan import qilingan gaz hajmi aksincha 14,9 foizga oshib, 5,64 mlrd kub metrdan 6,48 mlrd kub metrga yetgan.
Import jadal o‘smoqda
2026-yilning dastlabki besh oyida Rossiya va Turkmanistondan tabiiy gaz importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 84,1 foizga oshib, 724,7 mln dollarni tashkil qildi. Shu mablag‘ning 68,2 mln dollari propan importi hisobiga to‘g‘ri keldi.
Propan importi ham o‘tgan yilga nisbatan 3,3 barobarga ko‘paygan. Gaz importi oylar kesimida ham keskin o‘zgarib borgan. Yanvarda import 167,6 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, fevralda 34,6 mln dollargacha pasaygan.
Keyingi oylarda esa o‘sish qayta tiklanib, martda 158,3 mln dollar, aprelda 147,8 mln dollar va may oyida yil boshidan buyongi eng yuqori ko‘rsatkich — 216,4 mln dollar qayd etilgan. Bu raqamlar mamlakatning tashqi gaz ta’minotiga ehtiyoji ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Qazib olish qisqarmoqda
Gaz importi o‘sishi mahalliy ishlab chiqarish pasayishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonda 15,8 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olindi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,1 foizga kam.
2024-yilning shu davri bilan taqqoslanganda esa qazib olish hajmi 16,4 foizga qisqargan. Ichki ishlab chiqarishning izchil pasayishi sharoitida import hajmining oshishi mamlakatning ichki talabni ta’minlash uchun tashqi manbalarga tobora ko‘proq murojaat qilayotganini ko‘rsatmoqda.





