Logo

O‘zbekiston Afg‘onistonga temiryo‘l orqali yuk tashish tariflarini oshirmoqda

Бугун 20:172 дақиқа

Endi temiryo‘l orqali yuk tashishda har bir vagon uchun, uning toifasiga ko‘ra, 800 ming so‘mdan 1,3 million so‘mgacha (67–109 dollar) qo‘shimcha haq undiriladi.

O‘zbekiston Afg‘onistonga temiryo‘l orqali yuk tashish tariflarini oshirmoqda © Foto: railway.uz

O‘zbekistondan Afg‘onistonga temiryo‘l orqali yuk tashish uchun qo‘shimcha to‘lovlar joriy etilmoqda. Yangi tartib 2026-yilning 7-noyabridan boshlab amaliyotga tatbiq etiladi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati ma’lum qildi.

Qo‘shimcha temiryo‘l to‘lovlari tarif toifasiga qarab har bir vagon uchun 800 ming so‘mdan 1,3 million so‘mgacha (67 dan 109 dollargacha) etib belgilandi.

Mazkur to‘lovlar O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga olib o‘tiladigan aksariyat tovarlarga nisbatan tatbiq etiladi. Biroq strategik ahamiyatga ega bo‘lgan to‘rt turdagi mahsulot — bug‘doy, o‘simlik yog‘i, neft mahsulotlari va gaz ushbu qo‘shimcha to‘lovlardan ozod qilinadi.

TOLOnews nashrining qayd etishicha, kompaniya vakillari bu qarorni temiryo‘l tushumlari keskin kamayib ketishining oldini olish maqsadi bilan izohlagan.

Tranzit xarajatlarining oshishi Afg‘oniston ichki bozoriga ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Afg‘onistonlik tadbirkor Omid Haydariy mazkur o‘zgarishlar iste’molchilar uchun narx-navoning ko‘tarilishiga sabab bo‘lishini bildirgan.

«Vagonda yuk tashish xarajatlarining oshishi Afg‘oniston bozorlarida mahsulotlar narxi ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. O‘zbekiston turli sohalarda Afg‘oniston xalqi va hukumati bilan hamkorlik qilayotgani kabi, transport va tranzit to‘lovlarini ham kamaytirishini taklif qilamiz», — dedi Omid Haydariy.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi muzokaralar va yangi kelishuvlar

Tranzit tariflariga oid o‘zgarishlar fonida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va savdo aloqalarini kengaytirish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Xususan, Afg‘oniston Qishloq xo‘jaligi, sug‘orish va chorvachilik vaziri o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida Afg‘onistondan O‘zbekistonga go‘sht va kartoshka eksport qilish, paxtachilik hamda bog‘dorchilikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, hamkorlikda urug‘chilik markazini tashkil etish rejalari ko‘rib chiqildi.

«Uchrashuv Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi hamda chorvachilik aloqalarini mustahkamlash, savdo hamkorligini, qo‘shma investitsiyalarni va texnik tajriba almashishni rivojlantirish maqsadida o‘tkazildi», — deya ta’kidladi Afg‘oniston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Sher Muhammad Hotamiy.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Afg‘onistonning importga yuqori qaramligi va tovarlarni yetkazib berish xarajatlarini hisobga olganda, Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega.

«Afg‘oniston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarini qancha ko‘p kengaytirsa, savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari shuncha ortadi. Bu esa mamlakatga yagona yo‘lga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi», — dedi iqtisodiy tahlilchi Abdul Nosir Reshtiya o‘z xulosasida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarada navbatlarni sun’iy ravishda yuzaga keltirishning oldini olish va tashuvchilarning mas’uliyatini oshirish maqsadida yuk tashuvchilardan pul olmoqchiligi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид