O‘zbekiston avtomobil bozoriga «Volkswagen» kirib kelmoqda

Бугун 19:552 дақиқа

O‘zbekistonda «Volkswagen» ishlab chiqarish, ehtiyot qismlar bozori va milliy muhandislik maktabini rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi.

O‘zbekiston avtomobil bozoriga «Volkswagen» kirib kelmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va tarmoq raqobatbardoshligini oshirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakat avtomobil bozori keskin o‘zgargan, ilgari amalda bitta ishlab chiqaruvchi ustunlik qilgan bo‘lsa, hozirda «Chevrolet», «BYD», «KIA» va «Hyundai» kabi yirik brendlar bilan hamkorlikda beshta zavod faoliyat yuritmoqda.

Joriy yilda esa «Volkswagen», «Foton» va «JAC» zavodlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Hozirda 300 dan ortiq korxona «Chevrolet», 40 ga yaqin korxona esa «KIA» va «BYD» uchun butlovchi qismlar yetkazib bermoqda. Soha atrofida yangi kooperatsiya zanjirlari shakllanib, 10 mingdan ziyod yoshlar zamonaviy texnologiyalar asosida ishlamoqda.

Shuningdek, taqdimotda avtomobilsozlikda ishlab chiqarish hajmini va band bo‘lganlar sonini 1 milliontaga yetkazish masalalari ko‘rib chiqilgan.

«Volkswagen» rejasi

Taqdimotda «Volkswagen» avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasi haqida ham ma’lumot berildi. Rejaga ko‘ra, birinchi bosqichda Toshkent shahrida yirik uzelli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Keyingi bosqichda Angren erkin iqtisodiy zonasida to‘liq siklli ishlab chiqarish tashkil qilinishi, mahalliylashtirish darajasi oshirilishi va eksport bozorlariga chiqish ko‘zda tutilgan.

Milliy muhandislik

Yig‘ilishda global iqtisodiy vaziyat avtomobil sanoatiga kuchli ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Shu sababli texnologik mustaqillik, innovatsiyalar va milliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Bu borada Andijon va Jizzaxda zamonaviy muhandislik maktablari tashkil etilgani, mahalliy mutaxassislar salohiyati ortib borayotgani aytildi.

«Shu maqsadda «O‘zavtosanoat» AJ tizimida Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyati rivojlantirilishi belgilandi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ehtiyot qismlar bozorini tartibga solish, mahalliy mahsulot ulushini ko‘paytirish va xalqaro standartlarga mos laboratoriyalar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

2026 yil yakuniga qadar xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda avtomobil ehtiyot qismlar bozorini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish vazifasi qo‘yilgan.

Теглар

Мавзуга оид