Logo

O‘zbekiston iqtisodiyoti yarim yilda 8,5 foizga o‘sdi

Yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, 40 million aholining farovonligini ta’minlash uchun iqtisodiyot kamida 9–10 foiz sur’atda o‘sishi zarur.

O‘zbekiston iqtisodiyoti yarim yilda 8,5 foizga o‘sdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Yil boshidan mamlakat iqtisodiyotida barqaror o‘sish qayd etildi. Prezident ma’lum qilishicha, hisobot davrida yalpi ichki mahsulot 8,5 foizga oshgan.

Sanoat, xizmatlar va qurilish yuqori sur’atda o‘sdi

Tarmoqlar kesimida sanoat ishlab chiqarishi 8 foizga, xizmatlar sohasi 16,9 foizga, qurilish ishlari 13,8 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 4,7 foizga o‘sgan.

Shuningdek, hisobot davrida iqtisodiyotga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport hajmi esa 14,4 milliard dollarga yetgan.

Xalqaro reytinglar yaxshilandi

O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy maydondagi pozitsiyasi ham mustahkamlandi. Xususan, Fitch Ratings va Moody’s xalqaro reyting agentliklari mamlakatning suveren kredit reytingini bir pog‘onaga oshirdi.

Prezident mavjud natijalar ijobiy ekanini qayd etar ekan, bu sur’atlar bilan cheklanib qolmaslik kerakligini ta’kidladi.

«40 million aholining hayotini yaxshilash uchun iqtisodiyot kamida 9–10 foizga o‘sishi kerak», — dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2025 yilga nisbatan qariyb 8,1 foizga o‘sishi prognoz qilingandi.

Oldin e’lon qilingan kutilmalarda 1,97 kvadrillion so‘m bo‘lishi aytilgan YAIM hajmi 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan ushbu hujjatda qariyb 2,2 kvadrillion so‘mga borishi taxmin qilinmoqda. Buning ortidan iqtisodiy o‘sish 8,1 foizgacha oshishi mumkin.

XVJning joriy yil aprel oyidagi hisobotiga ko‘ra, geosiyosiy keskinliklar va ularning global bozorlarga ta’siri xalqaro savdo tizimini qayta shakllantirib, jahon iqtisodiyotida noaniqlikni kuchaytirmoqda. Buning oqibatida jahon iqtisodiyotining o‘sishi 2026 yil yakuni bo‘yicha 2025 yilgi 3,4 foizdan 3,1 foizgacha pasayishi hamda 2027 yilda 3,2 foizni tashkil etishi prognoz qilingan.

Теглар

Мавзуга оид