O‘zbekiston Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkilotiga a’zo bo‘ldi
Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkilotiga a’zolik davlatlarga texnik hamkorlik, siyosiy muloqot va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy tashabbuslarda ishtirok etish imkonini beradi.
© https://una-oic.org/O‘zbekiston Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti — IOFSga rasman a’zo bo‘ldi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston va Ozarbayjonning tashkilotga qo‘shilishi natijasida IOFSga a’zo davlatlar soni 43 taga yetgan. Tashkilot buni Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholagan.
Tashkilot nizomini imzolash marosimi
IOFS nizomini imzolash marosimi Bokuda o‘tgan 19-Ozarbayjon xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi va forumi doirasida tashkil etildi. Hujjatni Ozarbayjon qishloq xo‘jaligi vaziri Mejnun Mamedov hamda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov imzolagan.
Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekistonning a’zoligi IOFSning strategik kengayishiga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatning agrosanoat sohasidagi tajribasi, qishloq xo‘jaligi salohiyati va innovatsion yondashuvlari tashkilot imkoniyatlarini yanada kuchaytiradi.
Tashkilotga a’zolik nima beradi?
Hozirda IOFS yangi a’zolar bilan qishloq xo‘jaligi innovatsiyalari, qo‘shimcha qiymat zanjirlarini rivojlantirish, suv resurslarini raqamli boshqarish, ekologik barqaror qishloq xo‘jaligi usullari va transchegaraviy zararkunandalarga qarshi kurash kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilmoqda.
Tashkilot ta’kidlashicha, a’zolik davlatlarga texnik hamkorlik, siyosiy muloqot va mintaqaviy tashabbuslarda ishtirok etish imkonini beradi. Shu bilan birga, IOFS oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror qishloq xo‘jaligi sohasida amaliy loyihalarga o‘tish jarayoni kuchayib borayotganini bildirgan.





