O‘zbekiston Ozarboyjonga qilingan dron hujumidan xavotir bildirdi
O‘zbekiston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirlari telefon orqali muloqot o‘tkazib, Naxchivonga qilingan dron hujumi va uning oqibatlarini muhokama qildi.
© Tashqi ishlar vazirligi2026-yil 5-mart kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarboyjon tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida tomonlar Naxchivon Avtonom Respublikasiga nisbatan uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgan hujum bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildi.
Ozarboyjon tomoni ushbu hodisa yuzasidan batafsil ma’lumot berib, hujum natijasida tinch aholi jabr ko‘rgani hamda fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazilganini ma’lum qildi. Ushbu holat mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga jiddiy tahdid solishi qayd etildi.
O‘zbekiston tomoni esa mazkur hujumlar yuzasidan jiddiy xavotir bildirib, tinch aholiga qarshi zo‘ravonlik holatlari mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi. Shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgan hujumlar xalqaro huquq normalariga zid ekani alohida urg‘ulandi.
Suhbat davomida davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat xalqaro munosabatlarning asosiy tamoyili ekani qayd etildi. O‘zbekiston tomoni bunday harakatlar mintaqadagi barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bildirib, xalqaro huquq prinsiplariga rioya qilish muhimligini ta’kidladi.
Tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, tinch aholini himoya qilish va mojarolarni diplomatik yo‘llar orqali hal etish zarurligini qayd etdi. Suhbat yakunida O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorlik bildirildi.
Ozarboyjon hududiga hujum
Eslatib o‘tamiz, Ozarboyjon hududiga 5-mart kuni Eronning ikkita droni qulab tushdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga tayanib Report.az xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, dronlardan biri Naxichivon avtonom respublikasi ayeroporti hududiga, ikkinchisi esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga qulagan, o‘quvchilar va ustozlar hududdan evakuatsiya qilingan.
Hujum oqibatida ikki nafar tinch aholi jarohatlangan. Holat yuzasidan Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi mamlakatdagi Eron elchisi Mo‘jtabo Demirchiluni chaqirtirgan.
Ozarboyjon hududiga uyushtirilgan bu hujum xalqaro huquq normalari va tamoyillariga zid ekani hamda mintaqada keskinlik kuchayishiga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.
«Biz Eron Islom Respublikasidan ushbu hodisaga imkon qadar tezroq oydinlik kiritishni, izoh berishni va kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun zarur shoshilinch choralar ko‘rishni talab qilamiz. Ozarboyjon tomoni tegishli javob choralarini ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Eron tomoniga qat’iy norozilik bildiriladi va tegishli nota topshiriladi», — deyiladi TIV xabarida.





