O‘zbekiston shaharlarida har uchta nikohdan bittasi ajralish bilan tugayapti

Кеча 18:072 дақиқа

Mamlakatda qishloqlarga nisbatan, shaharlarda ajralishlar ancha ko‘proq kuzatilmoqda. Ajralishlar soni 10 yilga qolmay nikohlardan o‘tib ketishi mumkin.

O‘zbekiston shaharlarida har uchta nikohdan bittasi ajralish bilan tugayapti

2026-yilning I choragida O‘zbekistonda doimiy aholi soni 38,4 mln nafarga yetdi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi hisobotidan ma’lum bo‘ldi

Yilning dastlabki uch oyida qayd etilgan nikohlar soni 42,3 mingtani tashkil qildi. Bunda har ming aholiga nikoh koeffitsiyenti 4,5 promille bo‘ldi. 

Nikohlar soni 2026-yilning yanvar-mart oylarida 2025-yilning mos davriga nisbatan 1,5 ming birlikka kamaygan. 

Nikohdan ajralishlar soni 12,7 ming birlik, har ming aholiga nisbatan ajralish koeffitsiyenti 1,3 promilleni tashkil etdi. Ajralishlar soni 2026-yilning yanvar-mart oylarida 2025-yilning mos davriga nisbatan 1,2 ming birlikka ko‘paygan. 

Ro‘yxatdan o‘tkazilgan nikohlar soni 2021-yildan beri doimiy kamayib kelmoqda. 2026-yilda ham ajralishlar ko‘payib, nikohlar kamayishi tendensiyasi davom etdi. 

1

Mamlakat bo‘ylab qayd etilgan nikohlar soni 42,3 mingtani, shundan shahar joylarida 20,2 mingtani (47,7 foiz), qishloq joylarida 22,1 mingtani (52,3 foiz) tashkil qildi. 

Ya’ni, qishloq joylarida ko‘proq oilalar rasmiylashtirilmoqda. Biroq, ajralishlar o‘sish ko‘rsatkichi qishloqda 13,3 foizni, shaharda 8,6 foiz bo‘ldi. 

2

Nikohlarning pasayish ko‘rsatkichi esa mos ravishda -3,9 foiz va -2,9 foizni tashkil qildi. 

Shaharda har uchta nikohdan bittasi — ajrim 

Ko‘rsatilgan raqamlardan ajralish/nikoh nisbatiga qaralsa, 2026 yil I choragida shaharlarda bu ko‘rsatkich 37,6 foizni, qishloqlarda 23,1 foizni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilda mos ravishda 33,6 foiz va 19,6 foiz ko‘rinishida edi. 

Raqamlar shaharda rasmiylashtirilayotgan har uchta nikohning bittasi ajrim bilan tugayotganini ko‘rsatmoqda. 

Nikoh va ajrimlarning kamayish hamda o‘sish ko‘rsatkichi shu ketishda davom etsa, 2032—2033-yillarga kelib ajrimlar soni nikohdan o‘tib ketishi mumkin.

Tug‘ilishlar kamayib, o‘lganlar ham ko‘paymoqda

Mamlakat demografiyasida yana bir salbiy tendensiya — tug‘ilganlar soni kamayib, o‘limlar soni ko‘payib borayotgani bo‘lib turibdi.

3

Mamlakatda yilning dastlabki uch oyida tirik tug‘ilganlar soni 191,1 ming kishini tashkil qildi. Bu davrda vafot etganlar soni esa 43,5 mingtaga yetdi. Bunda tabiiy o‘sish 147,6 mingtaga teng bo‘ldi.

Biroq, 2023-yilning I choragida tabiiy o‘sish 176 mingtani tashkil qilgandi. Bu 2026-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 20 foizga ko‘proq.

Shu tariqa, O‘zbekistonda demografik holat havotirli tus olmoqda. Bunday muammoni dunyoni ko‘plab rivojlangan davlatlari boshdan kechirgan.

Biroq, O‘zbekiston hozircha rivojlanish bosqichida bo‘lib, muammoni ancha erta qarshi olishiga to‘g‘ri kelyapti.

Теглар

Мавзуга оид