Logo

O‘zbekiston tekshirildi, somalilik hakam kiritilmadi, eronlik muxlislarga taqiq qo‘yildi: bahsli mundial boshlanmoqda

Бугун 18:157 дақиқа

Siyosat tarixdagi eng yirik futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga o‘z ta’sirini o‘tkazyapti.

O‘zbekiston tekshirildi, somalilik hakam kiritilmadi, eronlik muxlislarga taqiq qo‘yildi: bahsli mundial boshlanmoqda

2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlari 19-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan finalga qadar davom etadi. Unda futbol yulduzlari sportning bosh sovrini uchun kurashadi. Biroq maydon tashqarisida siyosiy mojarolar, chipta narxlarining osmonga sapchishi, viza bilan bog‘liq bosh og‘riqlar va jazirama issiq muammosi hamon dolzarb bo‘lib turibdi.

48 ta jamoa, 104 ta o‘yin va uchta mezbon davlatni qamrab olgan tarixdagi eng yirik Jahon chempionatini kutish onlari o‘z nihoyasiga yetmoqda. Deyarli olti hafta davom etadigan va butun jamoatchilik diqqat markazida bo‘ladigan ushbu musobaqa atrofida ko‘plab savollar va bahs-munozaralar paydo bo‘lgan.

Mexiko shahrida start oladigan turnir qimmat chiptalar va siyosiy keskinliklar soyasida boshlanmoqda. Musobaqani AQSH, Kanada va Meksika kabi uchta ulkan davlatda tashkil etish logistika bilan bog‘liq misli ko‘rilmagan qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Garchi bularning barchasi maydondan tashqaridagi mavzular bo‘lsa-da, yashil maydonda futbol yulduzlari 19-iyulga qadar sportning eng oliy mukofoti uchun ayovsiz bahs olib boradi.

«Bu tarixdagi eng yirik, eng keng qamrovli va eng buyuk Jahon chempionati bo‘ladi», — dedi FIFA prezidenti Janni Infantino.

Uning taxminlariga ko‘ra, stadionlarni 7 million muxlis to‘ldiradi, yana 6 milliard odam musobaqani masofadan turib kuzatadi.

«FIFA — insoniyatga rasman baxt ulashuvchi tashkilotdir», — deya qo‘shimcha qildi u.

Bunday balandparvoz va’dalar qay darajada o‘zini oqlashini vaqt ko‘rsatadi. Boisi, o‘yinlarning asosiy qismiga mezbonlik qiluvchi AQSHda mazkur turnir inflatsiyaning keskin o‘sishi, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi hamda mamlakatning o‘ta qat’iy immigratsiya siyosati kabi murakkab sharoitda boshlanmoqda.

Siyosiy futbol

AQSH prezidenti Donald Tramp Jahon chempionatining Amerikada o‘tkazilishini faol qo‘llab-quvvatlagan. U Infantinoni Oq uyda bir necha bor qabul qilib, turnir haqida juda iliq fikrlar bildirgan.

Infantino ham bu aloqalarni mustahkamlash uchun bor kuchini safarbar etdi va o‘tgan yili Trampga yangi ta’sis etilgan «FIFA tinchlik mukofoti»ni topshirdi. Bundan tashqari, o‘tgan yili AQSH Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga mezbonlik qilganidan so‘ng, Oval kabinetdan «Tiffany» kompaniyasi tomonidan oltindan yasalgan kubok ham joy olgan edi.

DAZN telekanaliga bergan intervyusida Tramp FIFA vakillaridan ushbu kubokni qachon olib ketishlarini so‘raganini aytib o‘tdi. Unga esa: «U Oval kabinetda bir umrga qolishi mumkin. Biz o‘zimizga yangisini yasayapmiz», — deb javob berishgan.

Shundan so‘ng AQSH va Isroilning Eron bilan urushi boshlandi. Bu Yaqin Sharqdagi vaziyatni butunlay izdan chiqarib, jahon bozorida neft narxining keskin oshishiga olib keldi.

Eronning Jahon chempionatidagi ishtirokiga viza bilan bog‘liq muammolar soya solmoqda. Tehronning da’vo qilishicha, aynan shu sababli delegatsiyaning 15 nafarga yaqin ma’muriy va boshqaruv xodimi AQSH hududiga kiritilmagan.

Keskinlikning kuchayishi Eronni Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish bazasini ko‘chirishga majbur qildi. Dastlab buning uchun Arizona shtatidagi Tuson shahri tanlangan edi, biroq endi baza AQSH bilan chegaradosh bo‘lgan Meksikaning Tixuana shahriga ko‘chirildi.

9-iyun kuni Eron futbol federatsiyasi AQSH guruh bosqichidagi o‘yinlar uchun ajratilgan chiptalar kvotasini bekor qilganini ma’lum qildi. Tehron mezbon davlatni keskin diplomatik nizolarni bahona qilib, eronlik muxlislarning musobaqaga kelishiga to‘sqinlik qilayotganlikda aybladi.

Eron terma jamoasi musobaqadagi yurishini 15-iyun kuni Los-Anjelesda Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. So‘ngra 21-iyun kuni aynan shu shaharda Belgiya bilan, 26-iyunda esa Sietlda Misr termasi bilan kuch sinashadi.

Somalilik hakamning mamlakatga kirishi rad etildi

Eron duch kelgan viza mojarolaridan so‘ng, Iroq terma jamoasi yulduzi Aymen Huseyn AQSHga yetib kelganida bir necha soat davomida so‘roq qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Bu holat FIFAning sukut saqlayotganiga nisbatan tanqidlarni yanada kuchaytirib yubordi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Iroqning yetakchi o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Huseyn Chikagodagi «O'Hara» xalqaro aeroportida taxminan yetti soat so‘roq qilingan. Iroq matbuoti xabar berishicha, tekshiruv paytida uning uyali telefoni ham olib qo‘yilgan.

Yana bir holatda esa terma jamoaning rasmiy fotosuratchisi AQSH hududiga umuman kiritilmagan. Ta’kidlash joizki, Iroq 1986 yildan beri ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etmoqda.

Musobaqa oldidan kuzatilgan bunday ko‘ngilsizliklar faqatgina futbolchilar va jamoa rasmiylari bilan cheklanib qolmadi.

FIFA tomonidan Jahon chempionati o‘yinlarini boshqarish uchun maxsus tanlab olingan somalilik hakam Omar Abdulqodir Artan ham Mayami xalqaro aeroportidagi tekshiruvlardan so‘ng mamlakatga kiritilmadi. Afrika futbol konfederatsiyasi tomonidan 2025 yilning eng yaxshi hakami deb topilgan Artan Jahon chempionatida ishlaydigan tarixdagi ilk somalilik referi bo‘lishi kutilayotgan edi.

Senegal va O‘zbekiston terma jamoalari atrofidagi holatlar

Senegal va O‘zbekiston terma jamoalari ham AQSHda joriy etilgan o‘ta qat’iy xavfsizlik choralari sababli turnir oldidan barchaning diqqat markaziga tushdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Senegal futbolchilari samolyotdan tushgach, terminalga kirishdan oldin birma-bir tekshiruvdan o‘tkazilayotganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston terma jamoasi bilan bog‘liq shunga o‘xshash holat ham kuzatildi. Tarqalgan tasvirlarda delegatsiya a’zolari Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi uchun Nyu-Yorkdagi stadionga kirishdan oldin maxsus o‘rgatilgan itlar yordamida xavfsizlik tekshiruvidan o‘tkazilayotgani aks etgan.

O‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida debyut qilayotgan O‘zbekistonga nisbatan bunday qattiqqo‘l choralarning qo‘llanilishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Chipta narxlari

FIFA ushbu Jahon chempionati uchun belgilangan chipta narxlari siyosati tufayli qattiq tanqidlarga uchradi, vaholanki ushbu musobaqaga borish shusiz ham qimmat sayohat hisoblanayotgan edi.

Yanvar oyida chiptalar umumiy sotuvga chiqarilganda, ularning narxi 140 dollardan 8 680 dollargacha etib belgilangandi. Keyinchalik ayrim chiptalar arzonroq narxda sotuvga chiqqan bo‘lsa, boshqalarining narxi keskin ko‘tarilib ketdi — masalan, final uchrashuvi uchun chiptalar bahosi 32 970 dollargacha yetdi.

Qayta sotish bozorida esa narxlar yanada yuqori. Aprel oyida FIFAning rasmiy qayta sotish platformasida final o‘yini uchun to‘rtta chiptaning har biri deyarli 2,3 million dollardan joylashtirildi. FIFA ushbu saytdagi narxlarni nazorat qilmasa-da, har bir qayta sotuvdan 30 foiz miqdorida komissiya oladi.

O‘yinlar vaqtida avtoturargohdan foydalanish narxi 175 dollargacha yetishi mumkin. Shuningdek, muxlislar poyezd chiptalari narxining keskin oshganidan ham hayratda qolmoqda — masalan, Nyu-Jersida yo‘l haqi 12,90 dollardan 98 dollargacha ko‘tarilgan.

Infantino chiptalar narxini yoqlab chiqdi va ularga bo‘lgan talabni «bir vaqtning o‘zida 1000 yillik Jahon chempionatlariga bo‘lgan qiziqish»ga qiyosladi hamda barcha 104 ta o‘yin uchun chiptalar to‘liq sotilishini qo‘shimcha qildi.

Biroq, yaqinda o‘tkazilgan «IPSOS» ijtimoiy so‘rovnomasiga ko‘ra, amerikaliklarning bor-yo‘g‘i 26 foizi Jahon chempionatini «ma’lum ma’noda intizorlik bilan kutayotganini», faqatgina 7 foizi esa «juda katta hayajonda ekanini» bildirgan.

Shu bilan birga, aprel oyidagi tadqiqotga ko‘ra, AQSHning mezbon 11 ta shahrida mehmonxona xonalarini band qilish ko‘rsatkichi kutilganidan ancha past bo‘lgan.

Ulkan musobaqa

Uchta ulkan mamlakat bo‘ylab o‘tkaziladigan mazkur turnir FIFAning navbatdagi katta tajribasidir. Buning o‘zini qanchalik oqlashini faqat vaqt ko‘rsatadi.

Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, ishtirokchi jamoalar sonining 32 tadan 48 taga oshirilishi hamda Kurasao yoki Kabo-Verde kabi mitti debyutantlarga joy berilishi musobaqaning sport nuqtai nazaridan sifatiga putur yetkazishi mumkin. Qolaversa, kuchli jamoalarning aksariyati alohida guruhlarga tarqatib yuborilgani sababli, guruh bosqichidagi intriga amalda deyarli yo‘qolgan. Bu esa asl dramatik voqealar kamida nimchorak finalga qadar kuzatilmasligini anglatadi.

Jazirama issiq

FIFAni ayblab bo‘lmaydigan yagona narsa — bu ob-havoning isib ketishidir. O‘yinlar vaqtidagi jazirama issiq sportchilar, muxlislar, ishchilar va rasmiylarga o‘z ta’sirini o‘tkazishi tayin.

Ba’zi stadionlarda — masalan, Texasning Dallas va Xyuston shaharlarida (Kanzas-Siti va Atlanta ham bundan mustasno emas) jazirama tafti 32 darajadan ham balandroqdek tuyulishi mumkin.

Futbolchilar uchun suv ichib olish tanaffuslari kabi xavfsizlik choralari ko‘riladi. Shuningdek, FIFA Shimoliy Amerika bo‘ylab joylashgan 16 ta stadionda (ularning ayrimlarida quyoshdan saqlanish uchun soya joylar juda kam) suv idishlari bo‘yicha o‘z qoidalarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.

Afsonalar, autsayderlar va boshqa ishtirokchilar

Oxir-oqibat, gap Jahon chempionati haqida ketar ekan, baribir futbol birinchi o‘ringa chiqadi va oldinda bizni ko‘plab qiziqarli voqealar kutmoqda.

38 yoshli Lionel Messi o‘zining ushbu sahnadagi so‘nggi chiqishida yana bir buyuk natijani qayd eta oladimi?

41 yoshli Krishtianu Ronaldu o‘zining rekordlarga boy faoliyatida yetishmayotgan yagona yirik sovrinni qo‘lga kiritarmikan?

Besh karra chempion Braziliya 20 yildan ortiq davom etayotgan sovrinsizlikka barham berish maqsadida mashhur italyan murabbiyi Karlo Anchelottiga murojaat qildi.

Angliya esa 60 yillik alamli tanaffusga chek qo‘yish ilinjida germaniyalik Tomas Tuxelga ishonch bildirmoqda.

Argentinalik murabbiy Maurisio Pochettino boshchiligidagi AQSH terma jamoasi-chi? Ular o‘z maydonida Jahon chempionati tarixidagi eng katta sensatsiyani yarata oladimi?

 «Agar turnirga “Bizda g‘alaba qozonish uchun hech qanday imkoniyat yo‘q” degan xayol bilan borsangiz, unda borishdan nima foyda? O‘ynashdan nima naf?  U (Pochettino) birga yig‘ilganimizda bu haqda gapirishdan tortinmaydi... “Nima uchun biz emas? Nima uchun buni uddalay olmaymiz?», — dedi AQSH terma jamoasi sardori Tim Rim «AP» agentligiga.

Теглар

Мавзуга оид