Logo

«O‘zbekiston temir yo‘llari» yarim yilda 1 trln so‘m sof foyda oldi

Бугун 14:552 дақиқа

Kompaniyaning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53 foizga oshgan.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» yarim yilda 1 trln so‘m sof foyda oldi © O‘zbekiston temir yo‘llari

«O‘zbekiston temir yo‘llari» 2026-yilning birinchi yarmida 1 trln so‘m sof foyda oldi. Bu 2025-yilning birinchi yarmidagi 659 mlrd so‘mga nisbatan 350 mlrd so‘mga yoki 53 foizga ko‘p.

Kompaniyaning moliyaviy hisobotiga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida sof tushum 9 trln 618 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu 2025-yilning mos davridagi 7 trln 425 mlrd so‘mga nisbatan qariyb 30 foizga ko‘p.

Tushum o‘sishi yo‘lovchi tashish xizmatlari narxining oshirilishi bilan ham bog‘liq. Ma’lumot uchun, 1-fevraldan «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» poyezdlari, shuningdek, «Afrosiyob» elektropoyezdlari chiptalari narxi 15 foizga oshirilgan.

Foyda tez o‘sdi

Shu bilan birga, mahsulot va xizmatlar tannarxi 6 trln 701 mlrd so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 17 foizga yoki 974 mlrd so‘mga ko‘p.

Biroq tushum tannarxga nisbatan tezroq o‘sgani yalpi foydani keskin oshirdi. Yalpi foyda 2 trln 917 mlrd so‘mni tashkil etib, bir yilda 72 foizga o‘sdi.

Kompaniya davr xarajatlarini ham qisqartirdi. Ular 1 trln 66 mlrd so‘mni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga kam. Natijada asosiy faoliyatdan olingan foyda 2 trln 399 mlrd so‘mga yetib, ikki baravardan ko‘proq oshdi. Ushbu omil esa foyda o‘sishiga eng ko‘p sababchi bo‘ldi.

Moliyaviy zarar bosimi

Asosiy faoliyatdagi yuqori natijaga qaramay, moliyaviy operatsiyalar kompaniya foydasining katta qismini kamaytirdi.

Yarim yilda moliyaviy faoliyatdan 659,6 mlrd so‘m daromad olingan bo‘lsa, xarajatlar 1 trln 749 mlrd so‘mni tashkil etdi. Natijada 1 trln 90 mlrd so‘m moliyaviy zarar qayd etildi.

Zararning asosiy qismi valuta kurslari farqi va foiz to‘lovlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Kompaniya valuta kurslari farqidan 525 mlrd so‘m daromad olgan bo‘lsa-da, shu yo‘nalishdagi zarari 1 trln 161 mlrd so‘mga yetdi. Foiz xarajatlari esa 588 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Shunday qilib, asosiy faoliyatdan olingan 2 trln 399 mlrd so‘mlik foydaning qariyb yarmi moliyaviy xarajatlar hisobiga kamaydi.

Hisobot kompaniyada operatsion samaradorlik oshganini ko‘rsatmoqda. Biroq valuta kurslari o‘zgarishi va qarzlar bo‘yicha foiz xarajatlari yakuniy moliyaviy natijaga bosim o‘tkazishda davom etmoqda.

Теглар

Мавзуга оид

«O‘zbekiston temir yo‘llari» yarim yilda 1 trln so‘m sof foyda oldi | Vaqt.uz