Logo

O‘zbekiston tijorat banklari yarim yilda 462 mlrd so‘mlik shubhali operatsiyalarni to‘xtatib qoldi — Markaziy bank

Бугун 20:302 дақиқа

O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklarining kiberjinoyatchilar va firibgarlarga qarshi kurash natijalarini e’lon qildi.

O‘zbekiston tijorat banklari yarim yilda 462 mlrd so‘mlik shubhali operatsiyalarni to‘xtatib qoldi — Markaziy bank © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston Markaziy banki 2026 yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha tijorat banklarida joriy etilgan antifrod va antivirus tizimlari natijalarini e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, antifrod tizimlarida shubhali deb baholangan operatsiyalar bo‘yicha 18,1 mlndan ortiq holat qayd etilgan.

Qayd etilishicha, antifrod tizimi bank operatsiyalarini xavf darajasi bo‘yicha tahlil qilib, firibgarlik ehtimoli yuqori bo‘lgan operatsiyalarni cheklaydi.

Milliardlab so‘mlik shubhali operatsiyalar to‘xtatib qolindi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida firibgarlik ehtimoli yuqori bo‘lgan operatsiyalarni cheklash bo‘yicha «Xalq banki» yetakchilik qilmoqda. Ushbu bank tomonidan 2 221 403 ta holatda jami 186,7 milliard so‘mlik operatsiyalar cheklangan.

Keyingi o‘rinlarda qayd etilgan tijorat banklarining ko‘rsatkichlari quyidagicha:

«TBC bank» — 175,5 milliard so‘m (93 215 ta holat);

«Uzum bank» — 68,1 milliard so‘m (18 022 ta holat);

«SQB» (O‘zsanoatqurilishbank) — 23,7 milliard so‘m (1 733 ta holat);

«Ipak Yo‘li banki» — 5,6 milliard so‘m (1 364 136 ta holat);

«Hamkor bank» — 1,6 milliard so‘m (103 105 ta holat);

«Milliy bank» — 0,7 milliard so‘m (101 865 ta holat);

«Turon bank» — 7,7 million so‘m (3 121 ta holat);

«Ipoteka bank» — 4,3 million so‘m (4 ta holat);

«Open bank» — 2,5 million so‘m (6 309 ta holat).

Shuningdek, boshqa banklar tomonidan jami 14 210 139 ta holatda 3,0 million so‘mlik shubhali operatsiyalarning oldi olingan.

Mobil ilovalardagi antivirus

Markaziy bankning ta’kidlashicha, tijorat banklarining mobil ilovalarida joriy etilgan antivirus tizimi mijozlarning telefonlariga o‘rnatilgan zararli .apk fayllar va dasturlarni aniqlash orqali bank ilovalaridan xavfsiz foydalanishga yordam beradi.

«Ipak Yo‘li banki» bu yo‘nalishda eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etib, 991 179 ta qurilmani zararli dasturlar aniqlangani sababli cheklagan. Shu bilan birga, bank tomonidan 57 326 ta qurilma zararli dasturlardan tozalangan.

Boshqa banklardagi holat quyidagicha ko‘rinish oldi:

«Orient Finans bank» — 93 117 ta qurilma cheklangan;

«Agrobank» — 55 955 ta qurilma cheklangan, shundan 30 997 tasi tozalangan;

«APEX BANK» — 30 506 ta qurilma cheklangan, 24 997 tasi tozalangan;

«TBC bank» — 29 154 ta qurilma cheklangan, 18 181 tasi tozalangan;

«InFinBank» — 23 707 ta qurilma cheklangan va barchasi (23 707 ta) tozalangan;

«SQB» — 13 544 ta qurilma cheklangan va barchasi tozalangan;

«Mikrokreditbank» — 11 285 ta qurilma cheklangan, 9 575 tasi tozalangan;

«Tenge bank» — 6 914 ta qurilma cheklangan;

«Open bank» — 5 998 ta qurilma cheklangan, 4 859 tasi tozalangan.

Regulyator tahliliga ko‘ra, boshqa banklarda ushbu tizim orqali 25 877 ta qurilma cheklanib, 1 820 849 ta qurilma tozalangan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur «Session antifrod» hamda antivirus tizimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-381-son qaroriga muvofiq, tijorat banklarida mijozlar mablag‘lari va mobil qurilmalarini turli raqamli xavflardan himoya qilish maqsadida joriy etilgan.

Теглар

Мавзуга оид