Logo

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida preferensial savdo bitimi imzolanadi

Tomonlar savdo aloqalarini kengaytirish orqali ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni yaqin yillarda keskin oshirishni maqsad qilgan.

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida preferensial savdo bitimi imzolanadi © Videodan kadr

Avvalroq 30-avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohruh G‘ulomovning O‘zbekiston 24 telekanaliga ma’lum qilishicha, uchrashuvlarda hamkorlikning har bir yo‘nalishi uchun alohida dasturlar tayyorlash va ularni yagona qo‘shma “yo‘l xaritasi”ga jamlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Tomonlar oldidagi asosiy maqsadlardan biri yaqin 4–5 yil ichida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasini $5 mlrdga olib chiqish hisoblanadi. 2025 yilda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo hajmi $1,3 mlrdni tashkil etgan. 2026 yilning yanvar–iyul oylarida esa bu ko‘rsatkich $700 mlnga yaqinlashgan.

Savdo hajmini oshirish maqsadida mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro preferensial savdoni rag‘batlantirishga qaratilgan bitimni imzolash rejalashtirilmoqda.

“Ushbu bitim loyihasi hozirgi kunda ishlab chiqilgan bo‘lib, biz marketing tadqiqotini boshladik va ikki-uch oyda uni tugatib, davlatimiz rahbariga takliflarni kiritamiz”, — dedi G‘ulomov.

Investitsiya sohasida esa ayni paytda O‘zbekistonda Hindiston kapitali ishtirokidagi 400 dan ortiq korxona faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi. Muzokaralar davomida hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha aniq loyihalar ham muhokama qilingan.

G‘ulomov tashrif doirasidagi muzokaralarda, ayniqsa, texnologik hamkorlikka katta e’tibor qaratilganini qayd etdi. Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish va O‘zbekiston–Hindiston hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olgan.

Теглар

Мавзуга оид