Logo

O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari XVJdan qancha qarzdor?

Бугун 12:485 дақиқа

Hozir Qozog‘istonning jamg‘arma oldida qaytarilmagan krediti mavjud emas. Qozog‘istondan farqli ravishda, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston keyingi yillarda XVJning kredit yordamidan foydalanishda davom etdi. Ayniqsa, 2020-yilda pandemiya sabab ularning XVJ oldidagi qarzi keskin oshdi. O‘sha paytda jamg‘arma davlatlarga to‘lov balansi va budjetdagi shoshilinch ehtiyojlarni qoplash uchun tezkor moliyaviy yordam ko‘rsatgan. Turkmaniston boshidanoq XVJ bilan hech qanday moliyaviy operatsiya amalga oshirmagan.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari XVJdan qancha qarzdor? © Ijtimoiy tarmoqlar

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) inqirozga duch kelgan, tashqi moliyalashtirish yetishmayotgan yoki iqtisodiyotida boshqa muammolar yuzaga kelgan davlatlarga moliyaviy yordam beruvchi eng yirik tashkilotlardan biri bo‘lib qolmoqda. 2026-yil 8-sentabr holatiga ko‘ra, XVJning qaytarilmagan kreditlari umumiy hajmi 124,3 milliard SDRni tashkil qilgan.

SDR — maxsus qarz olish huquqi bo‘lib, XVJ hisob-kitoblarida ishlatiladigan birlikdir. Uning qiymati dunyoning asosiy valutalaridan tashkil topgan savat asosida belgilanadi. Shu sanada 1 SDR 1,37 AQSH dollariga teng bo‘lgan. Shunga ko‘ra, XVJning qaytarilmagan kreditlari umumiy miqdorini taxminan 170,6 milliard dollar deb baholash mumkin.

XVJdan eng ko‘p qarzdor davlat — Argentina. Uning qarzi 42,6 milliard SDR yoki 58,4 milliard dollarni tashkil qiladi. Keyingi o‘rinlarda Ukraina — 10,9 milliard SDR yoki 14,9 milliard dollar, Pokiston — 8 milliard SDR yoki 11 milliard dollar, Misr — 7,9 milliard SDR yoki 10,8 milliard dollar va Ekvador — 7,1 milliard SDR yoki 9,8 milliard dollar bilan turibdi.

Keyingi beshlikka Kot-d’Ivuar — 4,1 milliard SDR, Gana — 3 milliard SDR, Bangladesh — 2,9 milliard SDR, Keniya — 2,8 milliard SDR va Kongo — 2,4 milliard SDR bilan kiradi.

Eng ko‘p qarzdor bo‘lgan 10 ta davlatning umumiy qarzi XVJdagi barcha qaytarilmagan kreditlarning qariyb 74 foizini tashkil qiladi. Shundan 61 foizdan ko‘prog‘i faqat dastlabki besh davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng yirik qarzdor davlatlarning katta miqdordagi qarzlari, jumladan, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan yirik moliyaviy barqarorlashtirish dasturlari bilan bog‘liq. 2025-yilning aprel oyida XVJ Argentina uchun 20 milliard dollarlik dasturni tasdiqlagan. 2026-yilning fevral oyida esa Ukraina uchun 8,1 milliard dollarlik dastur ma’qullangan.

Misr uchun amaldagi dastur hajmi 2024-yilning mart oyida 3 milliard dollardan 8 milliard dollargacha oshirilgan. Pokistonga esa o‘sha yil sentabr oyida 7 milliard dollarlik moliyalashtirish tasdiqlangan. Bu dasturlarning asosiy maqsadi — mamlakatlarda iqtisodiy barqarorlikni saqlash va tashqi moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyojni qoplash.

1



Shunday qilib, XVJning yirik kreditlari asosan mamlakatlarda jiddiy ichki yoki tashqi muammolar yuzaga kelganidan keyin iqtisodiyotni barqarorlashtirish zarurati bilan bog‘liq.

Markaziy Osiyoda esa COVID-19 pandemiyasi davrida qarzdorlik keskin oshgan bo‘lsa-da, keyingi yillarda vaziyat teskari tomonga o‘zgardi: mintaqa davlatlarining XVJ oldidagi qarzi bosqichma-bosqich kamayib bormoqda. Uzoq muddatli davrga qaraydigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo davlatlarining XVJ oldidagi qarzi sezilarli darajada kamaygan. 1999-yil oxirida mintaqaning XVJ oldidagi qarzi 693,9 million SDR bo‘lgan. 2008-yilga kelib bu ko‘rsatkich 116,6 million SDRgacha tushgan. Keyinchalik qarz yana oshib, 2013-yilda 236 million SDRga yetgan. Shundan so‘ng yana kamayib, 2019-yil oxiriga kelib 123,7 million SDRni tashkil qilgan.

2020-yilda esa keskin o‘sish kuzatildi. Pandemiya sabab mintaqaning XVJ oldidagi qarzi 684 million SDRga yetdi. Shundan keyin qarz har yili kamayib bordi va 2025-yil oxiriga kelib 271,9 million SDRni tashkil etdi. Bu 2020-yilga nisbatan 60,2 foizga kam. Bu yerda Qozog‘iston alohida o‘rin tutadi.

Qozog‘iston XVJ oldidagi qarzini 2000-yil 24-maydayoq to‘liq yopgan. Oxirgi muddatidan oldingi to‘lov 295,8 million SDRni yoki o‘sha davrdagi kurs bo‘yicha taxminan 385 million dollarni tashkil qilgan. XVJning o‘zi ta’kidlaganidek, qarzni muddatidan oldin to‘lashga mamlakatning tashqi iqtisodiy ahvoli yaxshilangani sabab bo‘lgan. Bunda Qozog‘istonning asosiy eksport mahsulotlari, birinchi navbatda, neft narxlarining oshishi hamda 1998–1999-yillardagi Osiyo va Rossiya inqirozlaridan keyin iqtisodiyotning tiklanishi muhim rol o‘ynagan.

Shu bilan birga, 1999-yil dekabr oyida XVJ Qozog‘iston uchun 329,1 million SDR miqdorida kengaytirilgan moliyalashtirish dasturini tasdiqlagan edi. Ammo Qozog‘iston bu mablag‘lardan foydalanmagan. Mamlakat ushbu dasturni ehtiyot chorasi sifatida ko‘rgan. 2000-yil may oyida qarzini to‘liq yopgach, Qozog‘iston XVJdan boshqa kredit olmagan. XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Qozog‘istonning jamg‘arma oldida qaytarilmagan krediti mavjud emas.

Qozog‘istondan farqli ravishda, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston keyingi yillarda XVJning kredit yordamidan foydalanishda davom etdi. Ayniqsa, 2020-yilda pandemiya sabab ularning XVJ oldidagi qarzi keskin oshdi. O‘sha paytda jamg‘arma davlatlarga to‘lov balansi va budjetdagi shoshilinch ehtiyojlarni qoplash uchun tezkor moliyaviy yordam ko‘rsatgan. O‘zbekiston 275,6 million SDR, ya’ni o‘sha davrdagi kurs bo‘yicha taxminan 375 million dollar olgan. Tojikistonga 139,2 million SDR yoki taxminan 189,5 million dollar ajratilgan. Qirg‘izistonga esa jami qariyb 242 million dollarlik ikkita tezkor moliyaviy yordam paketi berilgan. Shunday qilib, 2020-yilning oxirida mintaqa qarzining katta qismi pandemiya davrida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun berilgan favqulodda yordam bilan bog‘liq bo‘lgan.

«Koronavirus inqirozi» davridagi keskin o‘sishdan keyin mintaqa davlatlarining XVJ oldidagi qarzi tez sur’atda kamayishni boshladi.

2



Ayniqsa, O‘zbekistonda qarz sezilarli darajada qisqardi. 2020-yil oxirida O‘zbekistonning XVJ oldidagi qarzi 275,6 million SDR bo‘lgan va bu miqdor 2022-yilgacha saqlanib qolgan. Keyinchalik qarz:

2023-yilda — 229,7 million SDR;
2024-yilda — 137,9 million SDR;
2025-yil oxirida — 82,8 million SDRni tashkil qilgan.

Demak, besh yil ichida O‘zbekistonning XVJ oldidagi qarzi qariyb 70 foizga kamaygan. 2026-yil 8-sentabr holatiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda faqat Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning XVJ oldida qaytarilmagan qarzi mavjud edi. Ularning jami qarzi 239 million SDR yoki taxminan 328 million dollarni tashkil qilgan. 2020-yil oxiriga nisbatan mintaqaning umumiy qarzi qariyb 65 foizga kamaygan. Qozog‘istonning esa, yuqorida aytganimizdek, XVJ oldida qaytarilmagan krediti yo‘q.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, Turkmaniston boshidanoq XVJ bilan hech qanday moliyaviy operatsiya amalga oshirmagan. Shu sababli jamg‘armada bu mamlakat bo‘yicha tegishli kredit ma’lumotlari mavjud emas va XVJ bunday ma’lumotlarni keltirmaydi.

Markaziy Osiyoda XVJ oldidagi eng katta qarz Tojikistonga tegishli:

Tojikiston — 111,4 million SDR yoki taxminan 152,9 million dollar;
O‘zbekiston — 73,6 million SDR yoki taxminan 101,1 million dollar;
Qirg‘iziston — 54 million SDR yoki taxminan 74,2 million dollar.

Qozog‘istonning XVJdan kreditlari bo‘lmasa-da, bu mamlakat fond bilan hamkorlikni to‘xtatgan degani emas. Qozog‘iston XVJ a’zosi bo‘lib qolmoqda. XVJ muntazam ravishda mamlakat iqtisodiyotining holatini baholab boradi. Buning uchun odatda XVJ nizomining 4-moddasi doirasida iqtisodiy maslahatlashuvlar o‘tkaziladi. Qozog‘iston bo‘yicha oxirgi shunday maslahatlashuv XVJ Ijroiya kengashi tomonidan 2026-yil yanvar oyida yakunlangan.

3

Umuman olganda, bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari avvalgi yillardagi inqiroz davrlariga qaraganda XVJ kreditlariga ancha kam ehtiyoj sezmoqda. Biroq mintaqadagi vaziyat barcha davlatlarda bir xil emas: ayrim mamlakatlar ilgari olgan kreditlarini hali ham qaytarmoqda, Qozog‘iston esa ko‘p yillardan beri XVJ bilan kredit olmasdan hamkorlik qilib kelmoqda. Shu ma’noda, qarzdorlik dinamikasi davlatlarning XVJ bilan qanchalik ko‘p yoki kam hamkorlik qilayotganini emas, balki ularning moliyaviy yordamga qanchalik ehtiyoj sezayotganini ko‘proq ko‘rsatadi.

Теглар

Мавзуга оид