Logo

O‘zbekiston va Qirg‘iziston savdo aylanmasini 2 mlrd dollarga yetkazmoqchi

So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, o‘tgan yil yakuni bilan 1,2 mlrd dollarga yetdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston savdo aylanmasini 2 mlrd dollarga yetkazmoqchi © president.uz

Qirg‘iziston va O‘zbekiston prezidentlari Sadir Japarov va Shavkat Mirziyoyev Cho‘lponota shahrida yakkama-yakka va kengaytirilgan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvdan ma’lum bo‘lishicha, o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasidan kelib chiqib, yaqin fursatda import o‘rnini faol bosish asosida o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmlarini oshirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, ikki davlat poytaxtlarida savdo uylari va vakolatxonalari ochiladi.

Ustuvor yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bunda energetika, geologiya, muhim minerallar, logistika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida belgilandi. «Qambarota GES-1» qurilishi loyihasi bo‘yicha bitimni imkon qadar tezroq imzolab, uni amaliy bosqichga o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘lini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik loyihaning joriy holati yuzasidan fikr almashildi.

Transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash maqsadida mazkur temiryo‘l bo‘ylab chegaraoldi va savdo-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, ruxsat berish tartib-taomillarini raqamlashtirish, avtotashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, o‘tgan yil yakuni bilan 1,2 milliard dollarga yetdi. 450 ta qo‘shma korxona tashkil etildi.

Ayni paytda prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan qo‘shni Qirg‘izistonda bo‘lib turibdi. Davlat tashrifi doirasida prezident Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etadi. Ushbu muloqot mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, energetika va o‘zaro manfaatli sheriklikning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Qirg‘izistonga yirik biznes takliflarini bergandi.

Теглар

Мавзуга оид